Ispaniya Trampni g‘azablantirdi

Eron masalasi AQSH va Ispaniya o‘rtasiga sovuqchilik soldi. Donald Tramp Madrid bilan savdo aloqalarini to‘xtatish bilan tahdid qildi. Bunga qirollikning Eronga zarba berish uchun o‘z harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat bermagani sabab bo‘ldi. Xo‘sh, Yevropa Ittifoqi Ispaniyani himoya qilishga tayyormi?

Ispaniya Trampni g‘azablantirdi

NATOdagi «dahshatli ittifoqchi»

«Biz Ispaniya bilan barcha savdo aloqalarini to‘xtatmoqchimiz. Ispaniya bilan hech qanday umumiy jihatimiz bo‘lishini istamaymiz», — deb e’lon qildi Donald Tramp Oq uyda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvi chog‘ida.

AQSH prezidentining mazkur bayonoti Madrid tomonidan Rota va Moron-de-la-Frontera bazalarining Eronga qarshi amaliyotlar uchun yopib qo‘yilishi ortidan yangradi.

Ispaniya hukumati Eron Islom Respublikasiga qarshi harbiy amaliyotni qoraladi. Ular o‘z hududidan Amerikaning yoqilg‘i quyish samolyotlarini olib chiqib ketishni talab qildi. Natijada 15 ta havo kemasi boshqa davlatlarga yo‘naltirildi. Ularning bir qismi Germaniyadagi Ramshtayn bazasiga joylashtirildi.

«Kimningdir javob harakatlaridan qo‘rqib, dunyo uchun zararli bo‘lgan hamda qadriyatlarimiz va manfaatlarimizga zid keladigan ishga sherik bo‘lmaymiz», — dedi qirollik bosh vaziri Pedro Sanches.

photo_2026-03-09_10-12-49

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va Isroilning Eronga qarshi harakatlari «asossiz bo‘lib, xalqaro huquqni buzuvchi xavfli harbiy intervensiyadir».

Siyosatchi Ispaniya AQSHning ko‘rsatmalariga ko‘r-ko‘rona amal qilmasligini qat’iy bildirdi.

O‘tmishdagi xatolarni takrorlab bo‘lmaydi, deya ta’kidladi Sanches.

«Bundan 23 yil avval AQSHning boshqa bir ma’muriyati bizni Yaqin Sharqdagi urushga tortgan edi... Iroqdagi urush terrorizmning keskin kuchayishiga, Sharqiy O‘rta Yer dengizida jiddiy migratsiya inqiroziga va energiya resurslari narxining umumiy ko‘tarilishiga sabab bo‘lgandi», — dedi Ispaniya bosh vaziri.

Donald Trampning Pedro Sanchesga nisbatan xusumati anchadan beri bor. Amerika prezidenti uni mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foizigacha oshirishdan bosh tortgani uchun bir necha bor tanqid qilgan. O‘tgan yilning oktabr oyida AQSH prezidenti buning uchun Ispaniyani jazolash bilan tahdid qilgan edi.

«An’anaga ko‘ra, Janubiy Yevropa mamlakatlari mudofaa uchun kam mablag‘ sarflaydi. Saylovchilarga sharqdan kelayotgan qandaydir xavf haqidagi g‘oyani «sotish» qiyin, chunki bu davlatlar xavf manbaidan ancha uzoqda joylashgan», — dedi «WhiteBird» kompaniyasi vakili Yan Pinchuk TRT nashriga.

Ispaniya bu borada istisno emas. Qirollik anchadan beri NATOning «noqulay» ittifoqchisi sifatida nom chiqargan.

«Mamlakatning davlat qarzi YAIMning 104 foizidan oshib ketgan. Sanches hukumati so‘l kuchlar bilan koalitsiyaga tayangan holda ish yuritmoqda, ular uchun esa mablag‘larni pensiya va tibbiyotdan olib, tanklarga yo‘naltirish siyosiy o‘z-o‘zini o‘ldirish bilan barobar. Faqat o‘tgan yilning o‘zida Ispaniya katta kuch sarflab, o‘z tarixida ilk bor harbiy xarajatlarni YAIMning 2 foiziga yetkazdi. Hozir ulardan 5 foizni talab qilish — imkonsiz narsani so‘rash demakdir», — deydi xalqaro biznes va moliya amaliyoti rahbari Mixail Nikitin.

Eronga zarba berish uchun harbiy bazalardan foydalanishga ruxsat bermaslik esa Trampni tamoman g‘azablantirdi. U hatto Ispaniyani «daxshatli ittifoqchi» deb atadi.

Tramp mudofaa xarajatlarini oshirishni talab qilishda davom etmoqda. Bu talab NATOning barcha a’zolariga tegishli.

Ispaniya Amerika prezidentining nazaridan butunlay qoldi. E’tiborli jihati shundaki, Germaniya kansleri Mers ham Yevropadagi ittifoqchisini himoya qilishga shoshilmadi. Bundan tashqari, u Vashington pozitsiyasini bilvosita qo‘llab-quvvatladi.

«Biz ham Ispaniyani mudofaaga qo‘shadigan hissasini 5 foizgacha oshirishga ko‘ndirishga harakat qilyapmiz», — dedi Germaniya kansleri Oq uyda.

Shu bilan birga, Tramp bo‘ysunmagan ispanlarga «saboq berib qo‘ymoqchi».

 «Men Skottga (AQSH moliya vaziri Skott Bessent) Ispaniya bilan barcha savdo bitimlarini to‘xtatishni aytdim», — dedi Amerika prezidenti.

photo_2026-03-09_10-12-53

Odatdagidek, bunday balandparvoz bayonotlardan so‘ng hech qanday izoh berilmadi. Tramp bu tahdid qanday amalga oshirilishiga aniqlik kiritmadi. Biroq keyinroq AQSH istalgan davlatga, jumladan, tabiiyki, Ispaniyaga ham embargo joriy etish huquqiga ega ekanini qo‘shimcha qildi.

Qirollik AQSHga zaytun moyi, avtoehtiyot qismlar, po‘lat va kimyoviy mahsulotlar sotadi. Amerikaliklar esa Ispaniyaga energiya resurslari va sanoat xom ashyosini eksport qiladi.

Mixail Nikitinning fikricha, bu ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarining uzilishi ehtimoldan yiroq.

«Agar bu sodir bo‘lsa ham, faqat Qo‘shma Shtatlar uchun foydali bo‘lgan shaklda yuz beradi. Tarixdan ma’lumki, Amerika sanksiyalari shunday tuzilgan: ular nishondagi davlat uchun og‘riqli, Amerika biznesi uchun esa qulaydir. Ispaniya bilan tovar ayirboshlash hajmi yiliga qariyb 70 milliard dollarni tashkil etadi. Bunda ijobiy saldo Vashington tomonida. Hech kim bu daromad manbaini butunlay yo‘q qilmaydi», — deydi u.

Bir-ikki oydan keyin Ispaniya bilan bog‘liq nizo vazminlik bilan barham topadi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, janob Trampning hissiyotlarga berilib qabul qilgan qarorlari aynan shunday natija bilan tugaydi.

Brussel Amerika prezidentining savdo shantajlariga allaqachon o‘rganib qolgan. Shu bois, vaziyatga vazminlik bilan munosabat bildirilmoqda. Shunga qaramay, Yevrokengash rahbari Antoniu Koshta «X» ijtimoiy tarmog‘ida Trampning Madrid bilan savdo kelishuvlarini bekor qilish haqidagi tahdidlari fonida Yevropa Ittifoqi Ispaniya manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

«Aslida asosiy muammo ancha chuqurroq — bu Amerikaning davlat qarzi bilan bog‘liq. U allaqachon 36 trillion dollardan oshib ketdi va o‘sishda davom etmoqda. Har bir yangi harbiy amaliyot boshlanishi bilan bu jarayon yanada tezlashmoqda», — deydi Mixail Nikitin.

Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, AQSH harbiy amaliyotlarning faol pallasidan so‘ng doimo pul-kredit siyosatini yumshatish yo‘lini tutadi. Federal zaxira tizimi stavkalarni tushiradi, pul emissiyasi kuchaytiriladi va davlat qarzi yanada o‘sadi. Natijada, Amerikaning harbiy faolligi bilan bog‘liq ulkan xarajatlar dollarning global mavqei tufayli butun dunyo iqtisodiyoti zimmasiga yuklanadi. Ispaniya, Germaniya yoki Xitoy — bundan qat’i nazar, barcha davlatlar Vashingtonning harbiy sarf-xarajatlari uchun u yoki bu tarzda tovon to‘lashga majbur bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid