Isroilda o‘zbekistonliklar raketa hujumida vafot etdimi? — Elchixona rasmiy izohi
Eronning Isroildagi qurilish obyektiga bergan raketa zarbasi oqibatida ikki ishchi, jumladan, 62 yoshli Rustam G‘ulomov va 40 yoshli Amid Murtuzov halok bo‘lgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda 2026-yil 9-mart kuni Isroilning Yexud shahrida qurilish maydonida Eron tomonidan uchirilgan raketa hujumi oqibatida o‘zbekistonlik halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi izoh berdi.
Qayd etilishicha, halok bo‘lgan 62 yoshli Rustam Gulomov O‘zbekistonda tug‘ilib voyaga yetgan. U 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqqan bo‘lib, so‘nggi 14 yil davomida Isroilda yashab kelgan va mazkur davlat fuqaroligini olgan.
Qayd etilishicha, 11-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari jarohat olgani haqida elchixonaga xabar kelib tushmagan.
«Ayni paytda Isroil hududida vaziyat keskinligicha saqlanib qolayotganini inobatga olgan holda, elchixona ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan yoki doimiy yashab kelayotgan barcha vatandoshlarimizni o‘z hayoti va sog‘lig‘ini asrash maqsadida ogohlantirish signallariga jiddiy munosabatda bo‘lishga va xavfsizlik talab va qoidalariga qat’iy rioya qilishga yana bir bor chaqirib qoladi», - deyiladi xabarda.





