
Istanbul rossiyalik sayyohlar bo‘lgan kemani portga kiritmadi
«Astoria Grande» kemasiga Istanbulda to‘xtashga ruxsat berilmadi. Kema kutishdan so‘ng Sochiga qaytishga majbur bo‘lgan.

Turkiyaning Istanbul porti Rossiya sayohatchilari bor «Astoria Grande» kruiz kemasini kiritmadi. RIA «Novosti» agentligining kema vakiliga tayanib xabar qilishicha, u 20-noyabr kuni ertalabdan soat 15:00 gacha portga qo‘yishga ruxsat kutgan, ammo ruxsat berilmaganidan keyin kruizning yakuniy manzili — Sochi shahriga yo‘l olgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday holat birinchi marta kuzatilmoqda. Ilgari Palau bayrog‘i ostida harakatlanuvchi «Astoria Grande» kemasi bir necha bor Turkiyaning Istanbul portiga kira olgan. Kruizni tashkil etuvchi «SK Akvilon» kompaniyasi port ma’muriyatining qarorini tushuntirishmaganini bildirgan.
Turkiyaning «Anadolu» agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bortida 616 nafar yo‘lovchi, asosan rossiyalik sayyohlar, shuningdek ekipaj a’zolari bo‘lgan. Kruiz dasturi doirasida kema Antaliya, Alaniya va Izmir portlariga muvaffaqiyatli tashrif buyurgan. Shunga qaramay, Istanbulda kutilmagan to‘xtatilish ular uchun noqulayliklar keltirib chiqardi.
Kruizlar jadvalining o‘zgarishi kutilmayapti. «SK Akvilon» kompaniyasi «Astoria Grande»ning keyingi sayohatlari rejaga muvofiq amalga oshirilishini ma’lum qildi. Hozircha portning nega bunday qaror qabul qilgani haqida Turkiya rasmiy organlari tomonidan rasmiy izoh berilmagan.





