IT Park Uzbekistan bosh direktori o‘zgardi

Bugun 14:022 daqiqa

Avvalgi bosh direktor Abdulahad Qo‘chqorov esa xorijda tahsil olish maqsadida lavozimini tark etmoqda.

IT Park Uzbekistan bosh direktori o‘zgardi

Azamat Karamatov IT Park Uzbekistan kompaniyasining yangi bosh direktori etib tayinlandi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati ma’lum qildi. U mazkur lavozimda bir yildan ortiq faoliyat yuritgan Abdulahad Qo‘chqorov o‘rnini egalladi.

Azamat Karamatov yangi lavozimida mamlakat IT sohasini strategik rivojlantirish, startap va venchur ekotizimini qo‘llab-quvvatlash, IT Park Uzbekistan rezidentlari faoliyatini kengaytirish, IT xizmatlari va mahsulotlari eksportini oshirish hamda xalqaro texnologiya kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish uchun mas’ul bo‘ladi.

Shuningdek, u IT Park Uzbekistan samaradorligini oshirish, innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va raqamli iqtisodiyot tashabbuslarini muvofiqlashtiradi.

Azamat Karamatov 2007–2013 yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bakalavr va magistr darajalarini olgan. 2016–2018 yillarda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan.

U kasbiy faoliyati davomida raqamli texnologiyalar sohasida turli lavozimlarda, jumladan, Aloqa Ventures venchur fondi bosh direktorining o‘rinbosari, Uzcard to‘lov tizimida bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Bundan tashqari, Raqamli texnologiyalar vazirligi va «O‘zbektelekom» kompaniyasida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Azamat Karamatov universal QR-servisi Rahmat, Jett.uz servisi, Semurg VC venchur fondi va Multicard Payment to‘lov tashkilotining hammuassislaridan biri hisoblanadi.

Yangi lavozimidan oldin u IT Park Uzbekistan'da IT Park Ventures MCHJ bosh direktori bo‘lib ishlagan. Uning rahbarligida fond mintaqadagi yirik startap portfellaridan biri shakllantirilib, xalqaro hamkorlar bilan qo‘shma venchur fondlarini tashkil etish, startaplarni global bozorlarga olib chiqish va innovatsion ekotizimni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilgan.

Shuningdek, IT Park Uzbekistan kompaniyasining yangilangan boshqaruv jamoasi ham taqdim etildi: 

Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari – Jaxongir Ixtiyor o‘g‘li Rajabov; 

Aholi bilan aloqalar bo‘limi direktori – Xudayev Lazizbek Ibroximovich; 

Strategik rivojlanish direktori – Maxliyoxon Azizjon qizi Muksinova; 

Inklyuziv rivojlanish direktori – Dilafruz Abdulla qizi Miralimova; 

Hududlarni rivojlantirish bo‘yicha direktor – Abdullaev A’zam Abdushukurovich. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda startaplarga sarmoya 5 barobar oshganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid