Italiya «Rog‘un» GES uchun 150 million dollar ajratmoqchi
Ushbu mablag‘ to‘g‘onning o‘ng qismidagi qurilish ishlariga yo‘naltiriladi.
© khovar.tjJahon banki guruhi va Italiyaning davlat taraqqiyot banki — «Cassa Depositi e Prestiti» (CDP) Tojikistondagi «Rog‘un» gidroelektrstansiyasi qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik kelishuvini imzoladi. Bu haqda CDP va Jahon bankining Tojikistondagi vakolatxonasi ma’lum qildi.
Kelishuvga ko‘ra, Italiyaning Iqlim jamg‘armasi loyiha uchun 150 million dollar ajratadi. Mablag‘ Italiya Atrof-muhit va energetik xavfsizlik vazirligi nomidan CDP tomonidan boshqariladi. Ushbu mablag‘ «Rog‘un» to‘g‘onining o‘ng qismidagi qurilish ishlariga yo‘naltiriladi.
«Rog‘un» GES Jahon banki boshchiligidagi 12 ta xalqaro rivojlanish hamkori tomonidan moliyalashtirilmoqda. CDP ham ushbu konsorsium tarkibiga kiradi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha Tojikistonning energetik xavfsizligini mustahkamlaydi va Markaziy Osiyoda ekologik toza energiya bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bank ushbu loyiha uchun Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (IDA) orqali 650 million dollar grant ajratishni avvalroq tasdiqlagan.
«Rog‘un» GES Markaziy Osiyo energetikasi uchun muhim loyiha
Vaxsh daryosida qurilayotgan «Rog‘un» GES Vaxsh gidroenergetika tizimining eng yirik loyihasi hisoblanadi. Loyiha ilk bor sovet davrida ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, hozirgi qurilish ishlari rasman 2017-yilda boshlangan. Stansiyani 2033-yilda to‘liq foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Uning quvvati 3780 MVtni tashkil etadi.
Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, stansiya yiliga 14,4 milliard kWh qayta tiklanuvchi elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu Tojikistonning hozirgi elektr ishlab chiqarish hajmining qariyb 60 foiziga teng. Loyiha qish mavsumidagi elektr tanqisligini kamaytirishi, qariyb 10 million aholini ishonchli elektr bilan ta’minlashi, 30 mingdan ortiq to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita ish o‘rni yaratishi hamda elektr energiyasini Qozog‘iston va O‘zbekistonga eksport qilish imkonini berishi kutilmoqda. Shunga qaramay, loyiha ekologik tashkilotlar tanqidiga uchramoqda.
Avvalroq Jahon bankining Inspeksiya kengashi Rivers Without Boundaries» ekologik koalitsiyasi tomonidan O‘zbekiston va Turkmanistondagi quyi oqim hududlari aholisi nomidan berilgan shikoyatni ro‘yxatga olgandi. Koalitsiya loyiha bo‘yicha ekologik va ijtimoiy baholashlar eskirganini, «Rog‘un» suv omborining to‘ldirilishi Amudaryo deltasi tomon oqadigan suv hajmini kamaytirishi, cho‘llanishni tezlashtirishi, tuproq sho‘rlanishini kuchaytirishi va quyi oqimdagi aholi turmushiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlagan.
2025-yilning iyun oyida Jahon bankining Inspeksiya kengashi loyiha bo‘yicha to‘liq tekshiruv o‘tkazishni tavsiya qilgan. Biroq 2025-yil noyabrda bankning Ijrochi direktorlar kengashi shikoyat texnik talablarga javob bermasligini bildirib, tekshiruv o‘tkazishga ruxsat bermagan. Bu qaror ekologik tashkilotlar tomonidan tanqid qilingan. Jahon banki esa loyiha ekologik va ijtimoiy standartlarga to‘liq mos ravishda amalga oshirilayotganini, baholashlar yangilangani, jamoatchilik bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilgani va doimiy monitoring olib borilayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki «Rog‘un» GES qurilishiga 300 million dollar bergandi. Tojikiston moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda esa bunday yirik loyihani rivojlanish bo‘yicha hamkorlar — xalqaro banklar, xorijiy hukumatlar va jamg‘armalarning moliyaviy ko‘magisiz amalga oshirib bo‘lmasligini urg‘ulab, GESga yana milliardlab mablag‘ kerakligini aytgandi.





