Jahon banki O‘zbekistonga 150 mln dollar ajratdi
Ushbu mablag‘lar mamlakatda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish uchun yo‘naltiriladi.

Jahon banki O‘zbekistonda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish dasturining ikkinchi bosqichini moliyalashtirish uchun 150 mln dollar ajratilishini ma’qulladi.
Mablag‘lar Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta olis qishloq mahallasini qamrab oladigan loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Dasturning birinchi bosqichi 2019–2026 yillarda 306 ta mahallada amalga oshirilib, mahalliy aholi tanlovi asosida 900 dan ortiq infratuzilma loyihasi hayotga tatbiq etildi.
Yo‘llar, ko‘priklar, ichimlik suvi va elektr tarmoqlari, maktab va bog‘chalarni qurish hamda ta’mirlash ishlaridan qariyb 1 mln nafar aholi foydalandi.
Ikkinchi bosqichning umumiy budjeti 340 mln dollarni tashkil etib, u Jahon banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va O‘zbekiston hukumati mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi.
Loyiha doirasida 2031 yilgacha yo‘llar, suv va elektr ta’minoti tizimlari hamda boshqa jamoat xizmatlari yaxshilanishi natijasida 1,2 mln nafarga yaqin aholi manfaatdor bo‘lishi kutilmoqda.
Shuningdek, 15 ta pilot mahallada biznesni rivojlantirish markazlari tashkil etiladi. Ular mahalliy tadbirkorlarga moliyaviy xizmatlar, yangi bilim va bozor imkoniyatlaridan foydalanishda ko‘maklashadi. Bu tashabbuslar kamida 1500 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish o‘rni yaratishi rejalashtirilgan.
Jahon bankining boshqa qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlik dasturlari bilan birgalikda mazkur hududlarda qo‘shimcha 25 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekistonga yo‘l uchun 200 mln dollar ajratgan edi.





