Jahon bozorida neft narxlari keskin qulay boshladi
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi qamal fonida jahon neft bozorida kutilmagan pasayish yuz berdi. Bunga Eronning muzokaralarga qaytish ehtimoli sabab bo‘lmoqdami?
© en.apa.azJahon bozorida neft narxlarining keskin pasayishi qayd etildi. Bunga Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ygan mojaroga barham berish uchun AQSH va Isroil bilan muzokaralarni qayta boshlashiga bo‘lgan umidlar sabab bo‘lmoqda.
«Reuters» agentligining xabar berishicha, «Brent» markali neft fyucherslari bir barrel uchun 94,79 dollargacha tushdi. Bu oldingi kunga nisbatan 4,57 dollarga yoki 4,6 foizga arzonlashganini anglatadi. AQSHning «WTI» markali nefti esa 7,87 foizga qulab, savdolarni 91,20 dollar ko‘rsatkichi bilan yakunladi.
Eslatib o‘tamiz, oldingi savdo sessiyasida AQSH harbiylari Eron portlarini qamal qilishni boshlaganidan so‘ng, «Brent» 4 foizga, «WTI» esa qariyb 3 foizga qimmatlagan edi. Endilikda vaziyat biroz yumshamoqda.
«Again Capital» kompaniyasi hamkori Jon Kildaffning ta’kidlashicha, bozorda yaxshiroq natijaga bo‘lgan umid paydo bo‘lgan. «Bu shuni anglatadiki, bozor biz ko‘rgan ko‘plab o‘zgarishlarni avvalroq hisobga olib bo‘lgan», — deydi ekspert.
Ta’minotdagi uzilishlar xavfi
Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, «Brent» narxlari global ta’minotdagi uzilishlarga «WTI»ga qaraganda ancha sezgirroqdir. Shu bois, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat birinchi galda mazkur etalon markaga ta’sir o‘tkazmoqda.
Xalqaro energetika agentligi (XEA) Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali qatnovlarni tiklash energiya ta’minoti, narxlar va jahon iqtisodiyotiga tushayotgan bosimni yumshatishda eng muhim omil ekanini ta’kidladi. Shuningdek, agentlik neftga bo‘lgan talab o‘sishi bo‘yicha 2026-yilgi prognozini kuniga 80 ming barrelga qisqartirdi.
Natijada, global bozorda neft taklifi kuniga 1,5 mln barrelgacha qisqarishi mumkinligi kutilmoqda.
Eksportdagi yangi o‘zgarishlar
G‘arb va Eron o‘rtasidagi mojarolar davom etayotgan bir paytda, Rossiya o‘z energiya resurslari eksportini faol ravishda qayta ko‘rib chiqmoqda va logistika yo‘nalishlarini o‘zgartirmoqda.
Xususan, «Reuters» hisob-kitoblari va treyderlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Qora dengizdagi Tuapse portidan aprel oyi uchun mo‘ljallangan Rossiya neft mahsulotlari eksporti keskin oshirildi.
Dastlabki rejada 0,794 mln tonna neft yetkazib berish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, endilikda bu ko‘rsatkich qariyb 60 foizga yuqoriga qayta ko‘rib chiqilib, 1,27 mln tonnaga yetkazildi. Bu esa bozordagi o‘rinlarni to‘ldirishga qaratilgan qadamdir.





