
Jamshid Qo‘chqorov: «2026-yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati sekinlashadi»
Iqtisodiyot va moliya vaziri Senatda bo‘lib o‘tgan majlisda 2026-yilda iqtisodiy o‘sish 6,6 foizgacha sekinlashishi kutilayotganini ma’lum qildi.

2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’ati 2025 yilga nisbatan biroz sekinlashib, 6,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu haqda 18-dekabr kuni Oliy Majlis Senati majlisida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, joriy yilda iqtisodiy o‘sish 7 foizdan yuqori bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Vazir so‘zlariga ko‘ra, Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekiston iqtisodiyotining 2025 yildagi o‘sish sur’atini 6,2 foiz darajasida baholagan. Shu bilan birga, hukumatning iqtisodiy bloki shakllantirgan kutilmalar xalqaro prognozlarga nisbatan yuqoriroq bo‘lib qolmoqda.
2026 yilda yalpi ichki mahsulot hajmi aholi jon boshiga 4 ming dollardan oshishi rejalashtirilgan. Iqtisodiy o‘sish asosan bank kredit portfelining 13 foizga kengayishi, asosiy kapitalga investitsiyalarning 8,1 foizga o‘sishi hamda oltinni hisobga olmagan holda eksport hajmining 15,1 foizga ko‘payishi hisobidan ta’minlanishi kutilmoqda.
Tarmoqlar kesimida esa xizmatlar sohasida yuqori faollik saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda. Xususan, bozor xizmatlari hajmi 14,5 foizga, sanoat ishlab chiqarishi 6,4 foizga, qurilish sohasi 10,2 foizga o‘sishi kutilmoqda. Qishloq xo‘jaligida esa o‘sish sur’ati 4,2 foiz darajasida shakllanishi aytildi.
Shuningdek, Jamshid Qo‘chqorov kelgusi yilda inflatsiya darajasini 7 foizdan oshirmaslik asosiy vazifalardan biri bo‘lishini ta’kidladi. Uning aytishicha, 2027 yil yakuniga kelib mamlakatda narxlar o‘sishi 5–6 foiz atrofida barqarorlashishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilgi budjet xarajatlari 40,9 trln so‘mga oshiriladi. Qo‘shimcha mablag‘lar iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga yo‘naltirilgan. Senator Erkin Gadoyevning ta’kidlashicha, 2025 yil uchun budjet xarajatlari avval tasdiqlangan 281,6 trln so‘m o‘rniga 322,5 trln so‘m etib belgilanishi rejalashtirilmoqda.





