JCH-2026 atrofidagi mojaro: FIFA muxlislarni aldashda ayblanmoqda

Bugun 20:345 daqiqa

Mundial boshlanishiga sanoqli kunlar qolgan bir paytda FIFA jiddiy tanqidlar markazida qoldi. AQSH prokurorlari chipta savdosidagi ehtimoliy firibgarlik holatlari bo‘yicha tergov boshladi.

JCH-2026 atrofidagi mojaro: FIFA muxlislarni aldashda ayblanmoqda

Nyu-Jersi bosh prokurori Jennifer Devenport va Nyu-York shtati bosh prokurori Letisiya Jeyms 2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati chiptalarining narxi keskin oshib ketgani va bu jarayondagi ehtimoliy firibgarlik holatlari yuzasidan tergov boshladi.

Prokurorlar FIFAni chiptalar savdosida sun’iy taqchillik yaratishda, xususan, qolgan o‘rinlarning narxini oshirish maqsadida chiptalarning katta qismini (butun boshli bloklarni) sotuvga chiqarmay, ataylab ushlab turishda ayblamoqda.

Nyu-York shtati bosh prokurori Letisiya Jeyms idorasining rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, mazkur ish doirasida FIFA vakillariga sudga chaqiruv qog‘ozlari yuborilgan.

1

Tergov jarayoni bevosita muxlislarning murojaatlari asosida olib borilmoqda. Xaridorlar o‘zlari sotib olayotgan o‘rindiqlarning stadiondagi haqiqiy joylashuvi borasida chalg‘itilgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, FIFAning rasmiy bayonotlari va chiptalarni savdoga chiqarish tartibi narxlarning sun’iy ravishda oshib ketishiga olib kelgan.

Prokurorlar FIFAdan chiptalarni sotish tizimiga oid barcha hujjatlarni taqdim etishni talab qilmoqda. Jumladan, Nyu-Jersidagi «MetLife» stadioniga chipta sotish amaliyoti bo‘yicha batafsil hisobot so‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu o‘yingohda mundialning sakkizta uchrashuvi, jumladan, 2026 yilning 19-iyul kuni final bahsi bo‘lib o‘tadi.

«Nyu-York aholisi jahon chempionati o‘z yaqinida o‘tishini yillar davomida kutdi va ular chiptalarni hamyonbop narxlarda, adolatli yo‘l bilan xarid qilishga haqli. Muxlislarni aldab, o‘rinlar uchun osmon qadar narx to‘lashga majburlash adolatdan emas. Xaridorlar olayotgan chiptasi e’lon qilingan sharoitlarga to‘la mos kelishiga amin bo‘lishi kerak. Men bosh prokuror Devenportga FIFAdan javob talab qilish va iste’molchilarimiz huquqini himoya qilishdagi hamkorligi uchun minnatdorlik bildiraman» — dedi bosh prokuror Jeyms.

Bosh prokuror Devenport esa aslida chiptalar savdosini shaffof tashkil etish unchalik qiyin emasligini, biroq FIFA bu jarayonni tushunmovchilik, sun’iy taqchillik va o‘ta yuqori narxlar girdobiga aylantirib yuborganini, bularning barchasi iste’molchilar va Nyu-Jersining oddiy aholisi zarariga ishlayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, prokuror FIFAning mazkur xatti-harakatlari yuzasidan jiddiy tergov o‘tkazishga qat’iy qaror qilishganini va bosh prokuror Jeyms bilan birgalikda iste’molchilar huquqlarini himoya qilayotganidan faxrlanishini ma’lum qildi.

Devenportning qayd этishiча, jahon chempionatiga mezbonlik qilish katta sharaf bo‘lsa-da, bu nufuzli tadbir mahalliy aholi va mehmonlarni ekspluatatsiya qilish uchun bahona bo‘lib xizmat qilmasligi kerak.

2

Tergov jarayoniga Nyu-York Iste’molchilar va xodimlar huquqlarini himoya qilish departamenti (DCWP) komissari Samuel Levin ham qo‘shilgan.

«FIFAning shahardagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzayotgani, xususan, muxlislarni o‘rindiqlar joylashuvi borasida chalg‘itib, narxlarni sun’iy ravishda oshirayotgani haqidagi xabarlar bizda chuqur xavotir uyg‘otmoqda. DCWP ochiqdan-ochiq firibgarlik bilan bog‘liq bunday ayblovlarga juda jiddiy yondashadi va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida hech ikkilanmay chora ko‘radi. Biz «MetLife» stadioni va undan tashqarida chiptalar savdosi shaffofligini ta’minlash hamda sayyoramizning eng yirik sport musobaqasi davomida futbol muxlislari aldanib qolishining oldini olish maqsadida bosh prokurorlar bilan hamkorlik qilayotganimizdan faxrlanamiz», — deya ma’lum qildi Levin.

Mazkur tergov ishi chiptalar savdosi davomida yuzaga kelgan bir qator muammolarni qamrab oladi. Xususan, muxlislar o‘zlari sotib olgan chiptalarda ko‘rsatilgan o‘rindiqlarning haqiqiy joylashuvi borasida aldanganliklarini ma’lum qilishgan.

Chiptalar sotuvining dastlabki bosqichida FIFAning joylashuv chizmasiga ko‘ra, stadionlar 1 dan 4 gacha bo‘lgan toifalar (zonalar)ga ajratilgan va 1-toifa o‘rindiqlari eng qulay joylar sifatida belgilangan edi. Biroq, ko‘plab muxlislar chiptalarni sotib olib bo‘lganidan so‘ng, FIFA kutilmaganda har bir toifaning eng yaxshi joylarini o‘zida jamlagan yangi zonalarni — 1–4 «old toifalari»ni joriy qildi. Tabiiyki, ushbu old toifadagi chiptalar ancha qimmatroq edi.

Xabarlarga ko‘ra, ushbu yangi zonalar paydo bo‘lguniga qadar chipta xarid qilib ulgurgan muxlislar eng yaxshi joylardan mahrum bo‘lishgan. Ularning o‘rniga maydondan uzoqroq yoki darvoza ortida joylashgan, unchalik ham qulay bo‘lmagan o‘rindiqlar taqdim etilgan.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, FIFAning 2026 yilgi jahon chempionati uchun belgilagan chipta narxlari avvalgi barcha mundiallardagi ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada oshib ketgan. FIFA talabdan kelib chiqib narxlarni moslashtirish maqsadida «dinamik (o‘zgaruvchan) narx belgilash» tizimidan foydalangan.

Chiptalar bir necha oy davomida bosqichma-bosqich sotuvga chiqarilgani sababli, ayrim o‘yinlarning narxi osmonga sapchigan. Matbuotdagi xabarlarga ko‘ra, 2025 yilning oktabridan to 2026 yilning apreliga qadar FIFA mundialdagi 104 ta o‘yindan 90 dan ortig‘ining chipta narxlarini oshirgan. Bunda uchta asosiy toifadagi chiptalar o‘rtacha 34 foizga qimmatlashgan. Tergov davomida FIFAning chiptalarni sotuvga chiqarish jadvali, ochiq bayonotlari va boshqa xatti-harakatlari narx-navoga qanday ta’sir ko‘rsatgani tahlil qilinadi.

«The Guardian» nashrining qayd etishicha, boshlang‘ich bahosi 6 730 dollar bo‘lgan eng qimmat chiptalar keyinchalik 10 990 dollargacha ko‘tarilib ketgan.

Shu tariqa, bir necha kunlardan so‘ng AQSH, Meksika va Kanadaning 16 ta shahrida start oladigan jahon chempionati chiptalari savdosi ortidan FIFA keskin tanqidlar ostida qolmoqda.

3

Bu galgi turnir jahon futboli rahbariyati talabga qarab narxlarni o‘zgartirib turadigan «dinamik narx belgilash» amaliyotini qo‘llagan birinchi holat bo‘ldi. Amalda bunday tizim ko‘pincha chiptalarning umumiy qiymati sun’iy oshib ketishiga olib keladi va bu tendensiya shu yozdagi jahon chempionatida ham yaqqol ko‘zga tashlandi.

Garchi eng arzon chiptaning rasmiy narxi 60 dollar atrofida belgilangan bo‘lsa-da, sotuv boshlanganidan beri o‘yinlarga kirishning o‘rtacha bahosi muttasil 1000 dollardan yuqori bo‘lib kelmoqda.

Chiptalar narxining hatto futbolchilarning oila a’zolari va mehmonlari uchun ham keskin qimmatlab ketgani bir qator milliy futbol assotsiatsiyalarini hayratga soldi.

FIFAning standart qoidalariga ko‘ra, chiptalar avval toifalar bo‘yicha sotiladi, aniq o‘rindiqlar esa keyinroq taqsimlanadi. Biroq ijtimoiy tarmoqlar va OAV orqali murojaat qilgan muxlislar o‘zlariga berilgan joylar sotib olingan chipta toifasiga mutlaqo mos kelmayotganidan norozi bo‘lishmoqda.

Teglar

Mavzuga oid