add

JCH-2026 chipta egalari uchun AQSH vizasi suhbatlari tezlashtiriladi

Bugun 11:251162

AQSH Jahon chempionati chiptasiga ega bo‘lgan muxlislarga 6–8 hafta ichida imtiyozli suhbat tayinlash tizimini joriy etdi.

JCH-2026 chipta egalari uchun AQSH vizasi suhbatlari tezlashtiriladi

AQSH prezidenti Donald Tramp 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlariga chipta sotib olgan muxlislar uchun viza suhbatlari tezlashtirilishini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tartib musobaqaga tashrif buyurishni rejalashtirgan minglab muxlislar uchun katta yengillik yaratadi.

Trampning ta’kidlashicha, chipta egalari imtiyozli tartibda suhbat muddatini oldinga surish imkoniga ega bo‘ladi. Ular arizani topshirganidan keyin taxminan olti yoki sakkiz hafta ichida suhbatga chaqirilishi mumkin bo‘ladi. Prezident muxlislarni protsesstan ertaroq o‘tish uchun arizalarni kechiktirmasdan yuborishga chaqirdi.

Biroq AQSH davlat kotibi Marko Rubio chipta vizani avtomatik ravishda ta’minlamasligini alohida urg‘u bilan qayd etdi.

«Sizning chiptangiz viza emas; u AQSHga kirishni kafolatlamaydi», — dedi Rubio.

Unga ko‘ra, chipta faqat suhbatga tezroq tayinlanish huquqini beradi, xolos. Arizachilar boshqalar kabi to‘liq xavfsizlik tekshiruvidan o‘tishda davom etadi. Rubioning aytishicha, yagona farq — nomzodlar navbatda oldinga suriladi.

Davlat departamenti arizalar oqimini yengillashtirish maqsadida dunyo bo‘ylab 400 dan ziyod qo‘shimcha konsullik xodimlarini yuborgan. Ayrim mamlakatlarda, xususan, Braziliya va Argentinada avval viza suhbatiga tayinlanish bir yildan ortiq vaqtni olgan bo‘lsa, yangi tartib orqali bu muddat ikki oydan kamroq vaqtga tushishi mumkin.

Shu bilan birga, viza taqiqlangan davlatlar chiptalari egalariga ushbu ustuvorlik tatbiq etilishi aniq aytilmagan. 2025 yilning iyun oyida Tramp 12 davlat fuqarolarining AQSHga kirishini cheklovchi farmonni imzolagan edi. Ular orasida Jahon chempionatiga chiqqan Eron ham bor. Farmonga ko‘ra, sportchilar va murabbiylar tarkibiga istisno beriladi, biroq oddiy muxlislar uchun cheklov kuchda qolishi mumkin.

FIFA ma’lumotlariga ko‘ra, JCH-2026 chiptalarini AQSHda yashamaydigan qariyb bir million kishi sotib olishga ulgurgan. FIFA Prezidenti Janni Infantino AQSHga musobaqa davomida 5 milliondan 10 milliongacha muxlis tashrif buyurishi mumkinligini aytdi. Chempionat 2026 yil iyunida AQSH, Meksika va Kanadada start oladi va ilk marotaba 48 ta jamoaning ishtirokini o‘z ichiga oladi.

Tramp Jahon chempionatini mamlakat uchun «bir umrda bir marta bo‘ladigan imkoniyat» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, musobaqa AQSH iqtisodiyoti uchun ulkan foyda keltirib, 30 milliard dollardan ortiq daromad olib kelishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid