«Jiddiy jang qilishni boshlash kerak»: Dron hujumidan so‘ng Moskvadan keskin chaqiriqlar yangradi
18-iyunga o‘tar kechasi Ukraina qo‘shinlari Moskvaga 194 ta dron bilan hujum qildi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskvaga uyushtirilgan dron hujumlariga munosabat bildirib, Rossiya Ukrainadagi nishonlarga muntazam ravishda zarba berishda davom etishini ta’kidladi.
«Kiyevning harakatlariga javoban faqat quruq so‘zlar bilan cheklanish kamlik qiladi», — dedi u.
Keskin chaqiriqlar
Davlat dumasi mudofaa qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Aleksey Juravlev Rossiya harbiylari «jiddiy jang qilishni» boshlashi va Kiyevning taslim bo‘lishiga erishishi kerakligini aytdi.
«Vaziyatdan chiqishning faqat bitta va juda oddiy yo‘li bor: terrorchi Kiyev rejimini yo‘q qilish. Bunday hujumlarni to‘xtatish uchun Kiyevning taslim bo‘lishi kifoya qiladi — bu kunday ravshan. Bunga qanday erishish yo‘llari ham ma’lum. Barcha logistika tarmoqlarini, ko‘priklar va tunellarni yo‘q qilish, temiryo‘l stansiyalarini bombardimon qilish kerak», — dedi Juravlev.
Uning qayd etishicha, Ukraina G‘arb qurollari bilan ta’minlanishda davom etar ekan, Rossiya hududiga dron hujumlari ham to‘xtamaydi.
Moskvaga hujum
Eslatib o‘tamiz, 18-iyunga o‘tar kechasi Ukraina qo‘shinlari Moskvaga 194 ta dron bilan hujum qildi.
Hujumlar natijasida Moskva neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqqan. Shuningdek, «Sadovod» savdo markazi va «Mega Belaya dacha» savdo-ko‘ngilochar majmuasi hamda turar joy binolari va xususiy uylarga zarar yetgan.
Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning ma’lum qilishicha, xujum oqibatida 17 kishi, jumladan ikki nafar bola jarohat olgan.





