add

Kambag‘al oila farzandlarining «prava», kontrakt va harbiy xizmat to‘lovlari qoplab beriladi

Prezidentning tegishli farmoni bilan endi bir shaxs 1 yilda ikki martadan ko‘p ijtimoiy yordam ololmasligi belgilandi.

Kambag‘al oila farzandlarining «prava», kontrakt va harbiy xizmat to‘lovlari qoplab beriladi

Prezidentning 20-noyabrda qabul qilingan PF–222-sonli farmonida ijtimoiy shartnomalarga rioya qilmagan yoshlarga cheklovlar, namunali bajarganlarga esa rag‘batlantirish mexanizmlari belgilandi.

Farmonga ko‘ra, ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarmagan yoshlarga nisbatan bosqichma-bosqich choralar qo‘llanadi. Dastlab ular 15 kun ichida bajarilmagan shartlarni to‘liq ado etish to‘g‘risida ogohlantiriladi. Agar bu talab bajarilmasa, ijtimoiy yordam miqdori 15 foizdan 30 foizgacha qisqartirilishi mumkin. Keyingi bosqichda yordam 1 oydan 6 oygacha vaqtinchalik to‘xtatiladi. Eng keskin chora sifatida, yordam 1 yil va undan ortiq muddatga to‘xtatilishi belgilangan.

Shu bilan birga, shartnomalarni o‘z vaqtida va namunali tarzda bajargan yoshlar rag‘batlantiriladi. Ularning ijtimoiy yordam olishda navbatdan tashqari huquqi beriladi. Har yili eng faol 1 000 nafar yoshga BHMning 3 baravari miqdorida pul mukofoti taqdim etiladi. Shuningdek, ular turli mukofotlarga tavsiya etilishi ham mumkin.

Farmonda kambag‘al oilalar reyestridagi yoshlar uchun 2026 yil 1-fevraldan yangi imtiyozlar joriy etilmoqda. Safarbarlik chaqiruvi rezervida harbiy xizmatni bepul o‘tash imkoniyati beriladi va bu yo‘nalishdagi subsidiya tartibi bekor qilinadi. «Yoshlar daftari» jamg‘armalari esa haydovchilik kurslari xarajatlarini qoplab beradi. Shuningdek, kasbiy va oliy ta’limda kontrakt to‘lovining 50 foizgacha qismi shartnoma bajarilishiga qarab qoplanadi. Bir shaxs bir yilda ikki martadan ko‘p ijtimoiy yordam ololmaydi.

Avvalroq isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan yordam puli berilayotgani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid