add

Kapital bozorida investitsiya muhiti yaxshilanadi

Bugun 13:551812 daqiqa

Prezidentning tegishli farmoni bilan fond bozoriga yirik investitsiyalarni jalb etish va investorlar himoyasi kuchaytiriladi.

Kapital bozorida investitsiya muhiti yaxshilanadi

O‘zbekistonda kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Prezidentning tegishli farmoni fond bozorini chuqurlashtirish va investitsiya oqimlarini kengaytirishni maqsad qiladi.

Farmonga muvofiq, 2030 yilgacha kapital bozori orqali kamida 1 mlrd AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha investitsiya jalb etish ko‘zda tutilgan. Buning bir qismi sifatida 5 trln so‘mlik korporativ obligatsiyalar chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Mazkur choralar bozor instrumentlarini diversifikatsiya qilish va xususiy sektor mablag‘larini faol jalb etishga qaratilgan.

Hujjatda kapital bozori ishtirokchilari investitsiyalarining xavfsizligini ta’minlovchi mexanizmlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan. Natijada, bartaraf etiladigan huquqbuzarliklar ulushini 85 foizdan oshirish maqsad qilib qo‘yilgan. Bu investorlar ishonchini mustahkamlash va bozor shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.

Farmonga ko‘ra, 2023 yil 2-sentabrdagi qaror bilan joriy etilgan «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi cheklanmagan muddatga amal qiladi. Ushbu rejim innovatsion moliyaviy yechimlarni sinovdan o‘tkazish va yangi ishtirokchilarni bozorga kiritish uchun huquqiy asos bo‘lib qoladi.

«Tartibga solish qumdoni» doirasida O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslarga ishtirokchi maqomini olish imkoni beriladi. Shuningdek, chet ellik ishtirokchilar va investitsiya fondlariga ular chiqargan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha kastodial va nominal saqlash xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat etildi.

Bundan tashqari, ayrim hollarda emitentlarga o‘z kapitali miqdoridan ortiq korporativ obligatsiyalarni ta’minotsiz chiqarish huquqi beriladi.

Teglar

Mavzuga oid

Kapital bozorida investitsiya muhiti yaxshilanadi | Vaqt.uz