Logo

«Kelgusi ikki haftada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha hujjatlar topshiriladi», – Jeymison Grir

AQSH savdo vakili O‘zbekistonni JSTga a’zo bo‘lish uchun kuchli nomzod deb bilishini va bu jarayonning barcha bosqichlarida ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini aytib o‘tdi.

«Kelgusi ikki haftada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha hujjatlar topshiriladi», – Jeymison Grir © iccu.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25-iyun kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Savdo vakili Jeymison Grirni qabul qilgan edi.

AQSH savdo vakili Jeymison Grir prezident bilan uchrashuvda ikki davlat vazirlik va idoralari o‘rtasida samarali muloqot yo‘lga qo‘yilgani, muhim amaliy qarorlar qabul qilinganini ta’kidladi.

Muzokaralarda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi doirasida hamkorlik qilish va ushbu jarayonlar kelgusida ham AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga alohida e’tibor qaratildi.

«O‘zbekiston — dunyoga ochiq, jadal rivojlanayotgan va bozor mexanizmlariga izchil o‘tayotgan iqtisodiyotdir. AQSH uchun iqtisodiy ochiqlikning bunday tamoyillariga amal qiladigan hamkorlar muhim», — deya ta’kidladi AQSH savdo vakili.

Jeymison Grir O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlari haqida so‘zlar ekan, yaqin ikki hafta ichida tegishli hujjatlar Jahon savdo tashkilotiga taqdim etilishini va a’zo bo‘lish jarayoni doirasida depozitga qo‘yish amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Grir, shuningdek, AQSH O‘zbekistonni JSTga a’zo bo‘lish uchun kuchli nomzod deb bilishini va bu jarayonniyang barcha bosqichlarida ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini aytib o‘tdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston qator davlatlar bilan muhim kelishuvlarga erishdi. Xususan, 2024 yilda Yaponiya, Isroil, Dominikan Respublikasi, AQSH, Xitoy va Filippin bilan muzokaralar yakunlandi. 2025 yilda esa Buyuk Britaniya, Shveysariya, Argentina, Avstraliya, Gonduras, Kanada, Panama, Ekvador, Rossiya hamda Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan, 2026 yilda esa Hindiston bilan bozorga kirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.

Teglar

Mavzuga oid