add

Kiyev Tramp rejasiga javoban Donbassdan voz kechishni rad etdi

Bugun 12:354772 daqiqa

Ukraina AQSHga taqdim etilgan qarshi tinchlik rejasida Donbassdagi nazorat ostidagi hududlarni Rossiyaga topshirishni rad etib, NATOga a’zo bo‘lish huquqini saqlab qolishini bildirdi.

Kiyev Tramp rejasiga javoban Donbassdan voz kechishni rad etdi

Ukraina AQSH tomoniga 10-dekabr kuni taqdim etilgan 20 banddan iborat qarshi tinchlik rejasida Donbassdagi nazorat qilinayotgan hududlarni Rossiyaga berish imkoniyatini butunlay istisno qildi. Bu haqda The New York Times nashriga ikki nafar yuqori lavozimli yevropalik amaldor va AQSH ma’muriyatining sobiq vakili ma’lum qilgan.

Manbalarga ko‘ra, Kiyev AQSH taklif etgan rejada Ukraina uchun «qizil chiziqlar»ni kesib o‘tadigan bandlarni olib tashlagan. Jumladan, Ukraina NATOga a’zo bo‘lish huquqidan voz kechishni ham rad etgan. Kiyev bu pozitsiyani alyansning «ochiq eshiklar siyosati» saqlanishi zarurati bilan izohlagan.

Qarshi rejada, shuningdek, AQSH va Yevropa davlatlaridan Ukraina xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yuridik majburiyatlarga ega kafolatlar talab qilingan. Kiyevning fikricha, bunday kafolatlargina Rossiya tomonidan yana bir tajovuz xavfini bartaraf etishi mumkin.

The New York Times manbalariga ko‘ra, tinchlik bo‘yicha muzokaralar 15-dekabr kuni Berlinda davom ettiriladi. Uchrashuvda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, Yevropa davlatlari rahbarlari hamda AQSH muzokarachilari Stiv Uitkoff va Jared Kushner ishtirok etishi kutilmoqda.

Bundan avval Politico nashri Kiyev Donbassga «erkin iqtisodiy zona» maqomi berish va barcha harbiy kuchlarni — ham ukrain, ham rossiyalik qo‘shinlarni olib chiqish variantiga rozi bo‘lganini xabar qilgan edi. Zelenskiy esa ommaviy bayonotida ushbu hudud kim tomonidan boshqarilishi hali noma’lum ekanini aytgan va har qanday hududiy yon berish faqat referendum orqali hal qilinishi kerakligini ta’kidlagan.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Donbassda demilitarizatsiya qilingan zona yaratilishi mumkinligi haqida gapirib, hudud har qanday holatda Rossiya nazorati ostida bo‘lishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerda Rossiya armiyasi o‘rniga Rosgvardiya bo‘linmalari joylashtirilishi mumkin.

14-dekabr kuni Ushakov Kreml AQSH bilan Ukraina bo‘yicha «koreyscha ssenariy» — front chizig‘i bo‘ylab o‘zaro qo‘shin chiqarish va demilitarizatsiya qilingan zona yaratish masalasini muhokama qilmaganini ma’lum qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa dekabr oyi boshidayoq Rossiya «baribir Donbassni qo‘lga kiritishi»ni aytgan. U Ukraina qo‘shinlari hududdan chiqmas ekan, urush to‘xtamasligini ochiq bildirgan.

AQSH davlat kotibi Marko Rubio ta’kidlashicha, asosiy bahs Donetsk oblastining Kiyev nazoratida qolgan 20 foiz hududi atrofida kechmoqda. NATO baholashicha, Rossiyaga oblastning ma’muriy chegaralariga chiqish uchun yana kamida bir yil urush olib borish talab etiladi. Shu bilan birga, Rossiya armiyasi har kuni o‘rtacha 1,1 ming nafar harbiyni yo‘qotmoqda, qurbonlar soni esa 1,15 millionga yaqinlashgan.

Teglar

Mavzuga oid