Logo

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola epidemiyasi kuchaymoqda: 2 mingdan ortiq odam vafot etdi

Kecha 23:132 daqiqa

Mamlakatning olti viloyatida qayd etilgan epidemiyada 4,6 mingdan ortiq kasallanish holati aniqlangan. BMT vaziyat tobora og‘irlashayotganidan ogohlantirdi.

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola epidemiyasi kuchaymoqda: 2 mingdan ortiq odam vafot etdi

Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) Ebola epidemiyasi tez sur’atlarda tarqalmoqda. 12-avgust holatiga ko‘ra, mamlakatning olti viloyatida 4 660 dan ortiq kasallanish holati va 2 184 ta o‘lim qayd etilgan. Bu haqda BMT yangiliklar xizmati xabar berdi.

BMT bosh kotibi o‘rinbosari va favqulodda yordam koordinatori Tom Fletcherning aytishicha, Ebola tarqalish sur’ati xalqaro hamjamiyatning unga qarshi choralaridan ilgarilab ketmoqda.

«Virus bizning javob choralarimizdan o‘zib ketishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», — dedi Fletcher.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT KDRga Ebola bilan kurash bo‘yicha katta koordinator va yana 20 nafar xodimni yuborgan. Xalqaro donorlar esa epidemiyaga qarshi kurash uchun qariyb 300 mln dollar mablag‘ ajratgan.

Bundan tashqari, KDR va unga qo‘shni to‘rtta davlat uchun avval ajratilgan 24 mln dollarga qo‘shimcha ravishda 30,5 mln dollar yo‘naltirish belgilangan.

Davolash va nazorat choralarini kuchaytirish rejalashtirilmoqda

BMT vakili epidemiyaga qarshi kurashni kuchaytirish uchun bir qator choralar zarurligini ta’kidladi.

Jumladan, marhumlarni xavfsiz va munosib dafn etish bilan shug‘ullanuvchi guruhlar sonini ikki baravarga oshirish, davolash markazlarining resurslarini uch baravarga ko‘paytirish va kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganlarni kuzatish tizimini yaxshilash rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, epidemiyaga qarshi kurashga tajribali rahbarlarni jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Hudud aholisi uchun toza suv, sanitariya, tibbiy yordam va boshqa asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash ham ustuvor vazifalardan biri sifatida ko‘rsatilgan.

«Allaqachon ikki mingdan ortiq odam halok bo‘ldi va yana ko‘pchilik xavf ostida qolmoqda. Dunyo uyg‘onishi va loqayd bo‘lmasligi kerak», — dedi Fletcher.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Ebola hozirgacha KDRning olti viloyatida qayd etilgan. Epidemiyaning aynan qaysi hududlarda eng yuqori sur’atda tarqalayotgani haqida esa xabarda batafsil ma’lumot berilmagan.

Ebola epidemiyasi Kongo Demokratik Respublikasida avval ham xalqaro xavotirga sabab bo‘lgan. 2026 yil may oyida JSST Kongo va Ugandada «Bundibugyo ebolavirus» tarqalishi ortidan vaziyatni xalqaro ahamiyatga ega favqulodda sog‘liqni saqlash holati deb e’lon qilgan edi. O‘sha paytda Kongo DRda Ebola gumoni bilan bog‘liq 80 ta o‘lim qayd etilgandi.

Teglar

Mavzuga oid