add

Ko‘p chiqindi chiqaradigan mashinalar Toshkentga kiritilmaydi

Bugun 13:332 daqiqa

Poytaxtda havo ifloslanishini kamaytirish uchun chiqindi me’yori yuqori mashinalarga cheklov choralari joriy etiladi.

Ko‘p chiqindi chiqaradigan mashinalar Toshkentga kiritilmaydi

O‘zbekistonda shahar ekologiyasi va transport tizimini yaxshilashga qaratilgan yangi chora-tadbirlar ishga tushiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida shaharlardagi tirbandliklar aholi hayotini qiyinlashtiribgina qolmay, atrof-muhitga ham jiddiy zarar yetkazayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda, endilikda avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab ekologik stikerlar berish tizimi joriy etiladi. Bu mexanizm orqali transport vositalarining ekologik toifasi aniq belgilanadi va harakat cheklovlari shu asosda qo‘llanadi.

Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning Toshkent, viloyat markazlari hamda yirik shaharlarga kirishi cheklanadi. Mazkur chora shaharlarda havo sifatini yaxshilash va sog‘lom ekologik muhit yaratishga qaratilgan.

Bir vaqtning o‘zida, bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ishlab chiqiladi. Shu maqsadda alohida jamg‘arma tashkil etiladi.

Eski avtomashinasini almashtirish niyatida bo‘lgan fuqarolarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr o‘rnatib, chiqindilar hajmini kamaytirishga tayyor haydovchilar esa xarajatlarining ma’lum qismi bo‘yicha subsidiya oladi.

Shu bilan birga, poytaxt va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Shahar ko‘chalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yo‘laklar soni oshiriladi, Samarqand va Namangan kabi shaharlarda esa transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimi joriy etiladi.

Teglar

Mavzuga oid