Logo

Ko‘p qavatli uyning tayanch konstruksiyalariga shikast yetkazish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi — Qurilish inspeksiyasi

Bugun 14:251 daqiqa

Inspeksiya Inspeksiya xonadonni kengaytirish maqsadida ko‘p qavatli uylarda tayanch devorlarni buzish va temir-beton plitalarni teshish binoning seysmik barqarorligiga xavf tug‘dirishini eslatdi.

Ko‘p qavatli uyning tayanch konstruksiyalariga shikast yetkazish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi — Qurilish inspeksiyasi © vaqt.uz

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi fuqarolarni ko‘p qavatli uylardagi yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartish kiritmaslikka chaqirdi.

Inspeksiya ma’lum qilishicha, ayrim mulkdorlar xonadon maydonini kengaytirish maqsadida tayanch devorlarni buzish yoki temir-beton plitalarni teshib, yerto‘laga chiqish yo‘llarini ochish holatlariga yo‘l qo‘ymoqda.

Mutaxassislar bunday harakatlar binoning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalariga jiddiy zarar yetkazishi, uning seysmik barqarorligini pasaytirishi hamda boshqa aholi hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishini ta’kidladi.

Qanday jazo belgilangan?

Qonunchilikka ko‘ra, bunday qoidabuzarliklar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 159-moddasi asosida jismoniy shaxslarga BHMning 50 baravari — 20,6 mln so‘m, mansabdor shaxslarga esa BHMning 100 baravari — 41,2 mln so‘m miqdorida jarima solinadi.

Agar huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takrorlansa, Jinoyat kodeksining 229³-moddasiga muvofiq 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 2–3-yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2–3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Nazorat kuchaytirildi

Inspeksiya bunday holatlarning oldini olish maqsadida nazorat tadbirlari kuchaytirilganini ma’lum qildi. Fuqarolar aniqlangan qoidabuzarliklar haqida inspeksiyaning koll-markazi orqali xabar berishi so‘raldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Olmazor tumanida qurilayotgan mehmonxona hududidagi kotlovanning bir qismi qulab tushganligi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid