add

Kreml Kiyevning tinchlik rejasini rad etdi va o‘z shartlarini tayyorlayapti

Bugun 07:583372 daqiqa

Kreml Ukraina taklif qilgan 20 bandli tinchlik rejasini qabul qilmadi va hujjatni o‘z manfaatlariga moslab o‘zgartirishni talab qilishga tayyorlanayotgani aytilmoqda.

Kreml Kiyevning tinchlik rejasini rad etdi va o‘z shartlarini tayyorlayapti

Rossiya rahbariyati Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy e’lon qilgan 20 bandli qayta tahrirlangan tinchlik rejasini qoniqarli deb hisoblamadi. «Bloomberg» manbasiga ko‘ra, Kreml hujjatni muzokaralar uchun faqat boshlang‘ich nuqta sifatida qabul qilyapti va unga jiddiy tuzatishlar kiritishni talab qilmoqchi.

Manbaning aytishicha, Moskvaga eng avvalo NATOning sharq tomon ortiq kengaymasligi bo‘yicha aniq kafolatlar kerak. Shuningdek, Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgan taqdirda ham uning betaraf maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlanishi talab qilinmoqda. Hozirgi loyihada faqat yadroviy quroldan xoli maqom tilga olingan.

Kreml Ukraina Qurolli kuchlariga qo‘yilgan cheklovlarni ham yetarli emas, deb hisoblamoqda. Loyihaga ko‘ra, urushdan keyin Ukraina armiyasi tinch davrda 800 ming nafargacha cheklanishi kerak. Moskva bu raqamni juda yuqori deb baholayapti.

Bundan tashqari, Rossiya ukrain hududida rus tili maqomi bo‘yicha aniq kafolatlar, G‘arb sanksiyalarini bekor qilish tartibi va muzlatilgan Rossiya aktivlari taqdiriga oydinlik kiritilishini talab qilmoqda.

Shu bilan birga, «Bloomberg» manbasiga ko‘ra, Kreml hujjatni to‘liq rad etmoqchi emas. Bunga sabab — AQSH prezidenti Donald Trampni norozi qilish istagi yo‘qligi. Rossiya hujjatni «sovuqqonlik bilan» o‘rganishini ma’lum qilgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan Mayamida bo‘lib o‘tgan uchrashuv tafsilotlaridan xabardor ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya pozitsiyasi AQSH tomoniga yaxshi ma’lum va yaqin vaqt ichida muzokaralar davom ettiriladi.

Ukraina taklif qilgan rejada hududiy masala eng og‘ir band bo‘lib qolmoqda. Kiyev taklifiga ko‘ra, Rossiya Dnepropetrovsk, Mikolayiv, Sumi va Xarkiv oblastlaridan chiqadi, Donetsk, Lugansk, Zaporojjya va Xerson oblastlarida esa «qaysi joyda turilgan bo‘lsa — shu joyda qolish» tamoyili qo‘llaniladi.

Moskva esa Ukraina qo‘shinlarining Donetsk oblastidan to‘liq chiqishini talab qilmoqda. AQSH tomoni esa bu hududlarda erkin iqtisodiy zona yaratish variantini muhokamaga qo‘ygan. Bu qaror butun tinchlik rejasi bilan birga Ukrainada referendumga qo‘yilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid