add

Kreml LUKOIL'ning xorijdagi aktivlarini Gunvor kompaniyasi sotib olishdan voz kechganiga munosabat bildirdi

Ilgari AQSH Moliya vazirligi kompaniyani «Kreml qo‘g‘irchog‘i» deb atagan bayonotidan so‘ng xalqaro treyder Gunvor LUKOIL'ning chet el aktivlarini sotib olishdan voz kechgan edi.

Kreml LUKOIL'ning xorijdagi aktivlarini Gunvor kompaniyasi sotib olishdan voz kechganiga munosabat bildirdi

Kreml LUKOIL'ning xalqaro savdo va iqtisodiy munosabatlar qoidalari nuqtai nazaridan barcha qonuniy manfaatlari himoya qilinishi lozim, deb hisoblaydi. Buni Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya neft kompaniyasi aktivlarini sotib olish bilan bog‘liq vaziyatni sharhlayotib aytdi.

Kreml vakili bu sohadagi qonunbuzarliklarni qat’iyan qoraladi va ular jahon savdo tizimiga putur yetkazishini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Peskov bu masala Kremlga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador emasligini, balki ko‘proq tijorat munosabatlariga va xalqaro huquq nuqtai nazaridan noqonuniy savdo cheklovlariga taalluqli ekanini qayd etdi.

LUKOIL 30-oktabr kuni kompaniyaning xorijiy aktivlarini birlashtiruvchi LUKOIL International’ni sotib olish bo‘yicha Gunvor Group’ning taklifini qabul qilganini ma’lum qildi.

Xabarda ta’kidlanishicha, asosiy shartlar allaqachon kelishib olingan. 6-noyabr kuni AQSH Moliya vazirligi X ijtimoiy tarmog‘ida «Kremlning qo‘g‘irchog‘i bo‘lgan Gunvor hech qachon ishlash va foyda olish uchun litsenziya ololmaydi» degan bayonot e’lon qildi.

Bayonotdagi bu pozitsiya AQSH prezidenti Donald Trampning Moskvadan Ukrainadagi harbiy harakatlarni darhol to‘xtatishni talab qilgani bilan asoslanganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Gunvor matbuot kotibi Set Petras Politico gazetasiga kompaniya LUKOIL'ning xorijiy aktivlarini sotib olish taklifini qaytarib olayotganini ma’lum qildi. Bunda u AQSH Moliya vazirligi bayonoti noto‘g‘ri ma’lumotlarga asoslanganini va haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.

Oktabr oyida AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) «Rosneft» va LUKOIL hamda ularning bir qator sho‘ba korxonalariga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Keyinchalik LUKOIL 11 mamlakatdagi xalqaro aktivlarini sotish niyatini bildirdi. Bularga Bolgariya, Ruminiya va Niderlandiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari, Yevropadagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i, shuningdek Ozarboyjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Iroq, Misr, BAA, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi qazib olish loyihalari kiradi.

Ushbu aktivlar kompaniyaga daromadning taxminan 30 foizini va uglevodorod qazib olishning 15-17 foizini ta’minlagan. 2024 yilda "Lukoyl"ning daromadi 8,4 trillion rublni tashkil etib, bu aksiyadorlarga 1 trillion rubldan ortiq dividendlar to‘lash imkonini berdi. Endi kompaniya taxminan 10 milliard dollar qiymatidagi xorijiy aktivlarini sezilarli chegirmalar bilan sotishga majbur: "nodo‘st" yurisdiksiyalarda 70 foizgacha va neytral yurisdiksiyalarda 50 foizgacha chegirma bilan. Bu esa moliyaviy ko‘rsatkichlarni keskin pasaytirishi mumkin. AQSH Moliya vazirligi litsenziyasiga ko‘ra, barcha bitimlar noyabr oyining oxirigacha yakunlanishi lozim, biroq bunday operatsiyalarning odatdagi muddati yarim yildan bir yilgacha davom etadi. Bu esa qo‘shimcha ruxsatnomalar olish va muzokaralar o‘tkazish zaruriyati xavfini tug‘diradi.

Vagit Alekperov va uning hamkorlari tomonidan tashkil etilgan LUKOIL Rossiyaning ikkinchi yirik neft kompaniyasi hisoblanadi. 2024 yilda u kuniga taxminan 1,6 million barrel neft qazib oldi. Dunyodagi eng yirik xomashyo savdosi bilan shug‘ullanuvchi mustaqil kompaniyalardan biri bo‘lgan Gunvor Group 1997 yilda tashkil etilgan. Ta’sischilardan biri milliarder Gennadiy Timchenko edi, ammo 2014 yilda u sanksiyalar xavfi tufayli kompaniyadagi 44 foizlik ulushini hamkori Torbern Tornkvistga sotishga majbur bo‘ldi.

Teglar

Mavzuga oid

Kreml LUKOIL'ning xorijdagi aktivlarini Gunvor kompaniyasi sotib olishdan voz kechganiga munosabat bildirdi | Vaqt.uz