Logo

Kriptobirjalar mijozlarni uchinchi tomon orqali tekshirishi mumkin

Bugun 10:203 daqiqa

O‘zbekistonda kriptoaktivlar xizmatlari provayderlari uchun yangi nazorat talablari joriy etish rejalashtirilmoqda.

Kriptobirjalar mijozlarni uchinchi tomon orqali tekshirishi mumkin © Ijtimoiy tarmoqlar

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari uchun yangi nazorat qoidalarini taklif qildi. Tegishli hujjat 12-avgust kuni jamoatchilik muhokamasiga chiqarildi.

Loyiha jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi ichki nazoratni kuchaytirishga qaratilgan. Hujjatda «kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderi» tushunchasini kiritish ham taklif etilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, litsenziya olgan provayder bir oy ichida ichki nazorat uchun mas’ul xodim tayinlashi kerak bo‘ladi. U rahbar o‘rinbosarlari orasidan belgilanadi va uning ma’lumotlari ILMAga taqdim etiladi. Mas’ul xodim o‘zgarsa, bu haqda yangi xodim tayinlangan ish kunidan kechiktirmay xabar berish talab etiladi.

Mijozni kim tekshiradi?

Mijozni identifikatsiya qilish va uni lozim darajada tekshirish jarayonida provayderlar uchinchi tomon xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Bunda shaxsga doir ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlashga ixtisoslashgan O‘zbekiston yoki xorijiy tashkilotlar jalb qilinishi mumkin.

Provayderlar mijozning faoliyati, mulkchiligi va boshqaruv tuzilmasini tushunishi, uni ishonchli manbalar va hujjatlar asosida identifikatsiya hamda verifikatsiya qilishi kerak bo‘ladi. Olingan ma’lumotlar kamida yiliga bir marta yangilanadi.

Rahbarlar va mas’ul xodimlarga ham yangi talablar qo‘yiladi. Terrorizm, korrupsiya, iqtisodiy va ayrim boshqa jinoyatlar bilan bog‘liq sudlanganligi tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslarni rahbarlikka tayinlash taqiqlanishi mumkin. Xalqaro hamkorlikda ishtirok etmaydigan davlatlardagi ayrim shaxslar va kompaniyalarning provayderlar ustav kapitalida ishtirok etishiga ham cheklov qo‘yiladi.

Hamyonlar ham nazoratda bo‘ladi

Loyihada shubhali operatsiyalar ro‘yxati ham kengaytirilmoqda. Masalan, kriptoaktivlarni offshor hududlardagi shaxslarga o‘tkazish, bir xil miqdorda turli hamyonlarga muntazam yuborish, qisqa vaqtda bir necha marta almashtirish yoki 24 soat ichida ko‘plab yirik bitimlarda foydalanish shubhali belgi bo‘lishi mumkin.

Yangi ochilgan yoki uzoq vaqt ishlatilmagan hamyonlardan katta miqdorda aktivlar harakati, xususiy yoki anonim hamyonlarga o‘tkazmalar, ilgari jinoiy maqsadlarda foydalanilgan hamyonlardan aktiv qabul qilish ham tekshiriladi. Mijozning odatiy aylanmasiga mos kelmaydigan katta summadagi kriptoaktivlarni qabul qilishi ham shubha uyg‘otishi mumkin.

IP-manzilni yashiruvchi dasturlardan muntazam foydalanish, bir IP-manzildan ko‘plab hamyonlar ochish, elektron pochta, domen, IP-manzil yoki hamyon egasi haqidagi ma’lumotlarni tez-tez o‘zgartirish ham nazorat mezonlariga kiritilmoqda. Yangi kriptoaktiv narxining keskin o‘sishi, uning faqat bitta platformada aylanishi yoki narx manipulyatsiyasi belgilari ham shubhali holat sifatida baholanishi mumkin.

Shubhali operatsiya aniqlanganidan keyingi ish kunidan kechiktirmay maxsus vakolatli davlat organiga xabar berish talab etiladi. Bunday xabarlar kriptografik himoyalangan elektron tizimlar, maxsus elektron pochta yoki shaxsiy kabinet orqali yuboriladi.

O‘zgartishlar loyihasi 22-avgustgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid