Londonda «C5+1» formatidagi ilk qo‘shma uchrashuv bo‘lib o‘tadi
Markaziy Osiyo va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlarining «C5+1» formatidagi birinchi qo‘shma uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu 1991 yildan beri ilk bor o‘tkazilayotgan bunday formatdagi muloqot hisoblanadi.

26-fevral, bugun Londonda Markaziy Osiyo davlatlari va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlarining «C5+1» formatidagi birinchi qo‘shma uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu 1991 yildan beri ilk bor o‘tkazilayotgan bunday formatdagi muloqot hisoblanadi.
Uchrashuvda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vazirlari bilan muzokara olib boradi. Mintaqa vakillari allaqachon Londonga yetib borgan.
Tashrif doirasida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, muhim minerallar, oliy ta’lim va «yashil» o‘sish sohalarida yangi kelishuvlarga erishish masalalari muhokama qilinadi.
Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, London ushbu strategik mintaqadagi sheriklikni mustahkamlash orqali ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va barqarorlikni kuchaytirishni maqsad qilgan.
O‘zbekiston tomoni esa ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ingliz tili va akademik aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, keng qamrovli mintaqaviy kelishuvlar paketini shakllantirishdan manfaatdor. Tashabbuslar «yashil» o‘tish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirishga qaratilgan.
Fevral oyi boshida Buyuk Britaniyaning Ozarbayjon va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo vakili lord Olderdays O‘zbekistonga tashrif buyurib, Toshkent, Samarqand, Navoiy va Olmaliqda qator uchrashuvlar o‘tkazgan edi. U infratuzilma sohasidagi hamkorlik va «UK Export Finance» orqali moliyalashtirish imkoniyatlarini taqdim etgan.
Bahor oxirida Buyuk Britaniya — O‘zbekiston qo‘shma iqtisodiy qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.





