add

«Made in Central Asia»: Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘z brendini yaratmoqchi

Bugun 14:551122

Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish, xalqaro moliya institutlari va yirik investorlarni infratuzilma hamda sanoat loyihalariga jalb rejalashtirilgan.

«Made in Central Asia»: Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘z brendini yaratmoqchi

Markaziy Osiyo mamlakatlari «Made in Central Asia» brendini yaratib, mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 2025 yil 13-noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlarining savdo va investitsiyalar vazirlari kengashining birinchi yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Qozog‘iston Respublikasi savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliev, Tojikiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri Zavki Zavkizoda, Turkmanistonning savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Nazar Agahanov, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari Elnur Aliev, Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Duyshonkul Chotonov  ishtirok etdi.

Muloqot mintaqada savdo aylanmasi, sanoat kooperatsiyasi va investitsiya bo‘yicha yangicha yondashuvlarni yo‘lga qo‘yishga qaratildi. Tadbir doirasida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Yig‘ilishda vazirlar mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish, savdo to‘siqlarini kamaytirish va kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni muhokama qildi. Qo‘shma ishlab chiqarish maydonlarini «Made in Central Asia» brendi ostida yo‘lga qo‘yish g‘oyasi alohida e’tiborga tushdi. Mazkur tashabbus mintaqadagi sanoat salohiyatini birlashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushini oshirishga qaratilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro savdosi so‘nggi yillarda barqaror o‘sishni namoyon qilmoqda. 2017 yilda 3,2 milliard dollar bo‘lgan tovar aylanmasi 2024 yilga kelib 6,9 milliard dollarga yetgan. Xususan, Qozog‘iston bilan savdo hajmi 4 milliard dollarga yaqinlashgan, Qirg‘iziston bilan 700 million dollarga, Tojikiston bilan 570 million dollardan oshib, Turkmaniston bilan esa 1,15 milliard dollarga yetgan. Ozarbayjon bilan tovar aylanmasi esa joriy yil boshidan buyon 13 foizga o‘sgani qayd etilgan.

Yig‘ilishda shuningdek, bojxona va chegara tartib-taomillarini optimallashtirish, transport-logistika infratuzilmasini muvofiqlashtirish va sanoat xablarini shakllantirish zarurligi ta’kidlandi. Xomashyo va texnologiya salohiyatidan birgalikda foydalanish, sanoat kooperatsiyasi orqali yangi eksport yo‘nalishlarini ochish masalalari ham muhokamadan o‘tdi.

Tadbir yakunida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha qator kelishuvlarni o‘z ichiga olgan qo‘shma kommyunike imzolandi. Yig‘ilish Markaziy Osiyoni sanoat va investitsiya sohalarida mintaqaviy rivojlanishning asosiy markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan yangi bosqichni boshlab berdi.

Eslatib o‘tamiz, 15-16-noyabr kunlari Toshkent shahrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ham ishtirok etadi.

Teglar

Mavzuga oid

«Made in Central Asia»: Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘z brendini yaratmoqchi | Vaqt.uz