Logo

Maktablardagi telefon taqiqlari ishlamayapti: OECD o‘smirlarning raqamli odatlarini tahlil qildi

Bugun 09:002 daqiqa

Unga ko‘ra, qizlar haftasiga o‘rtacha 37,2 soat vaqtini tarmoqlarda o‘tkazsa, o‘g‘il bolalarda bu ko‘rsatkich 31,8 soatni tashkil etadi.

Maktablardagi telefon taqiqlari ishlamayapti: OECD o‘smirlarning raqamli odatlarini tahlil qildi

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) mamlakatlarida 15 yoshli o‘quvchilar haftasiga o‘rtacha qariyb 35 soat vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadi. Bu ularning maktab darslari va uy vazifalariga sarflaydigan vaqtidan sezilarli darajada ko‘pdir. Bu haqda tashkilotning «Ijtimoiy tarmoqlar davrida ulg‘ayish» nomli yangi hisobotida ma’lum qilindi.

Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturining (PISA) 2022 yilgi ma’lumotlariga asoslangan hisobotga ko‘ra, 15 yoshlilarning 95 foizi har kuni ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadi, 88 foizi esa ularda muloqot qiladi yoki raqamli kontent ulashadi. Ko‘rsatkichlar davlatlar kesimida farq qiladi: Yaponiyada o‘smirlar tarmoqlarda haftasiga 26 soatdan kamroq vaqt o‘tkazsa, Chilida bu ko‘rsatkich 45 soatdan oshadi.

«Taqqoslash uchun, OECD mamlakatlaridagi o‘rtacha 15 yoshli o‘quvchi haftasiga maktab darslariga qariyb 24 soat va uy vazifalarini bajarishga 10,5 soat sarflaydi», - deyiladi xabarda.

Qizlar ijtimoiy tarmoqlarning eng faol foydalanuvchilari hisoblanadi.

Qizlar haftasiga o‘rtacha 37,2 soat vaqtini tarmoqlarda o‘tkazsa, o‘g‘il bolalarda bu ko‘rsatkich 31,8 soatni tashkil etadi. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan past qatlamga mansub o‘smirlar o‘zlarining o‘ziga to‘q tengdoshlariga qaraganda tarmoqlarda 5-8 soat ko‘proq vaqt o‘tkazishi aniqlangan.

Ta’limga ta’siri va hukumatlarning cheklov choralari

Ijtimoiy tarmoqlardan me’yorida (kuniga 1 soatdan 3 soatgacha) foydalanadigan o‘quvchilar matematika, tabiiy fanlar, o‘qish va ijodiy fikrlash bo‘yicha yuqoriroq ball to‘plagan. Biroq, tarmoqlardan kuniga 3 soatdan ortiq foydalanish akademik ko‘rsatkichlarning keskin pasayishiga olib kelishi kuzatilgan. Haddan tashqari ko‘p (masalan, kuniga 11 soatdan ortiq) foydalanuvchilarda eng past baholar qayd etilgan.

Ushbu holatlar fonida dunyoning qator mamlakatlari maktablarda raqamli qurilmalardan foydalanishni cheklash yoki ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar qabul qilmoqda. Xususan, Fransiya o‘rta maktablarida telefonlardan foydalanish taqiqlangan bo‘lsa, Avstraliyada 16 yoshga to‘lmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun joriy etildi, AQSHning ko‘plab shtatlarida ham shu kabi cheklovlar va ota-onalar nazoratini talab qiluvchi hujjatlar qabul qilindi.

Shu bilan birga, maktablardagi taqiqlar doim ham kutilgan natijani bermayotgani aytilmoqda. OECD so‘rovlariga ko‘ra, mobil telefonlari taqiqlangan maktablardagi 15 yoshli o‘quvchilarning 29 foizi telefondan maktab hududida kuniga bir necha marta foydalanishini tan olgan, yana 21 foizi esa deyarli har kuni foydalanishini bildirgan. «Maktablardagi mobil telefon taqiqlari o‘quvchilarning ijtimoiy tarmoqlardan umumiy foydalanish vaqtini qisqartirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan», — deya qayd etadi tashkilot o‘z hisobotida.

Teglar

Mavzuga oid