Logo

Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi

Bugun 17:392 daqiqa

Inflatsiya 5,5 foizgacha pasayganiga qaramay, ichki talab va tashqi xatarlar sabab qat’iy pul-kredit siyosati saqlab qolindi.

Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi. Regulyatorga ko‘ra, inflatsiya pasayishda davom etayotgan bo‘lsa-da, iqtisodiyotdagi yuqori talab va tashqi noaniqliklar pul-kredit sharoitlarini qat’iy darajada saqlab qolishni talab qilmoqda.


Qayd etilishicha, may oyida yillik inflatsiya 5,5 foizni tashkil etgan. Inflatsiyaning pasayishiga asosan o‘tgan yili energiya tariflari oshirilishi ta’sirining statistik bazadan chiqib ketgani sabab bo‘lgan.
Shu bilan birga, narxlar o‘sishining asosiy tarkibiy ko‘rsatkichlari yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, bazaviy inflatsiya 5,7 foiz darajasida shakllangan. Xizmatlar segmentida inflatsiya sekinlashgan bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishida tezlashuv kuzatilgan.


Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasayishda davom etmoqda. Moliya bozori ekspertlarining uzoq muddatli prognozlari ham yaxshilangan.
Iqtisodiy faollik esa yuqori sur’atlarda saqlanib qolmoqda. Chakana savdo, xizmatlar sohasi, turizm va investitsiyalardagi o‘sish ichki talabning barqaror ekanini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, so‘nggi oylarda budjet xarajatlarining faollashuvi kelgusi choraklarda ham iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.


Regulyator iyun oyidan energiya tariflarining oshirilishi inflatsiyaga qisqa muddatli bosim ko‘rsatishini qayd etdi. Bundan tashqari, transport va ishlab chiqarish xarajatlarining ortishi bilan bog‘liq ikkilamchi omillar ham narxlar dinamikasiga ta’sir qilishi mumkin.


Markaziy bank 2026 yil yakunlari bo‘yicha inflatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi, iqtisodiy o‘sish esa 7–7,5 foiz oralig‘ida bo‘lishi haqidagi prognozini o‘zgarishsiz qoldirdi.


Shu bilan birga, jahon bozorlarida oziq-ovqat va energiya resurslari narxlarining o‘zgaruvchanligi, logistika xarajatlari hamda geosiyosiy xatarlar tashqi inflyatsion bosimlarni saqlab qolmoqda. Ayrim mamlakatlar markaziy banklarining qat’iy pul-kredit siyosati esa tashqi moliyaviy resurslar qiymatining yuqori darajada qolishiga sabab bo‘lmoqda.


Markaziy bank inflatsiyani o‘rta muddatda 5 foizlik maqsadli darajaga tushirish uchun qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettirishini ma’lum qildi. Asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2026 yil 29-iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Teglar

Mavzuga oid