
Markaziy bank Humans-Paylov to‘lovlarini vaqtincha to‘xtatdi
8-dekabr kun Humans orqali plastik kartalardan mablag‘lar so‘rovsiz echib olinishi yuzasidan qilingan murojaatlardan so‘ng Markaziy bank Paylov platformasiga oid P2P va to‘lov xizmatlarini vaqtincha to‘xtatishni buyurdi.

Markaziy bank 8-dekabr kuni ertalab fuqarolardan Humans mobil ilovasi orqali noma’lum tarzda mablag‘lar yechib olinayotgani haqida birinchi murojaatlar tushganini ma’lum qildi. Murojaatlarda asosan «PL Humans P2P H2H» belgisi qayd etilgan bo‘lib, bir qator foydalanuvchilar o‘z kartalaridan yirik summalar yo‘qolganini bildirgan.
Markaziy bankning rasmiy tushuntirishida qayd etilishicha, Humans companies AJ va Octagram AJ (Paylov savdo belgisi) o‘rtasida 2025 yil 10-aprelda tuzilgan 32-sonli shartnoma asosida Humans agent sifatida Paylov orqali to‘lov va P2P xizmatlarini o‘z mijozlariga yetkazib kelgan.
Mablag‘lar yo‘qolishi yuzasidan ma’lumotlar kelib tushishi bilan Markaziy bank o‘z vakolati doirasida Octagram AJ bilan bog‘landi va xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilishini ta’minlash maqsadida P2P amaliyotlarini darhol to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
9-dekabr holatiga ko‘ra, Humans mobil ilovasi orqali Paylov platformasiga tegishli barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan. Shu bilan birga, Uzcard va Humo kartalari orqali oddiy to‘lov va pul o‘tkazmalari muammosiz amal qilmoqda. Kartalardan boshqa bank va to‘lov tashkilotlari ilovalarida foydalanish ham to‘liq saqlanib qolgan.
Ayni paytda tezkor tekshiruv ishlari boshlangan. Barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar, platformalar o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyalar va xavfsizlik mexanizmlari to‘liq o‘rganilmoqda.
Markaziy bank yakunlangan tekshiruv natijalari yuzasidan qo‘shimcha rasmiy axborot taqdim etilishini ma’lum qildi. Fuqarolarga esa ushbu holat bo‘yicha zarur hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish tavsiya etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent tumanalararo iqtisodiy sudining 2025 yil 14-oktabrdagi qarori bilan «Humans» MCHJ bankrot deb topilgan hamda unga nisbatan faoliyatini to‘xtatmagan holda tugatishga doir ish yuritish boshlanishi haqida hal qiluv qarori chiqarilgan edi.





