add

Markaziy bank raqamli so‘m ishlab chiqishni boshladi

Kecha 17:082 daqiqa

O‘zbekistonda milliy raqamli valyutani joriy etish bo‘yicha ishlar boshlanib, aprelgacha undan foydalanishga o‘tish kutilmoqda.

Markaziy bank raqamli so‘m ishlab chiqishni boshladi

O‘zbekistonda raqamli so‘mni joriy etish bo‘yicha dastlabki tadqiqot ishlari boshlandi. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Ochilov ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator raqamli milliy valyutani ishlab chiqishning turli ssenariylarini o‘rganmoqda.

Markaziy bank hozircha raqamli so‘mni joriy etishning aniq modelini belgilamagan. Tadqiqotlar chakana raqamli valuta — aholi va biznes uchun mo‘ljallangan to‘lov vositasidan tortib, ulgurji raqamli valuta, ya’ni faqat banklararo hisob-kitoblarda qo‘llaniladigan shakllarini ham qamrab olmoqda. Bu jarayon iqtisodiyotga bo‘lgan ehtimoliy ta’sirlarni baholashni nazarda tutadi.

Nodirbek Ochilovning ta’kidlashicha, raqamli valyutalar mavzusi Markaziy bankda 2023 yildan buyon izchil o‘rganib kelinmoqda. Ushbu masala davlat rahbari darajasida ham muhokama qilingan bo‘lib, moliya tizimini raqamlashtirish sharoitida uning ahamiyati tobora oshib bormoqda.

Markaziy bank rahbariyati qayd etishicha, raqamli so‘mni joriy etish borasidagi jarayon nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa mamlakatlarda ham hali tadqiqot bosqichida. Jumladan, O‘zbekistonning savdo hamkorlari va rivojlangan davlatlarda ham markaziy bank raqamli valyutalari bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinmagan.

Misol tariqasida, Markaziy bank Shveysariya hamkasblari bilan ushbu yo‘nalishda seminarlar o‘tkazgan. Ularda ham markaziy bank raqamli valyutasi konsepsiyasi hozircha tadqiqot bosqichida ekani ta’kidlangan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, kriptoaktivlar bozorining jadal o‘sishi markaziy banklarni davlat kafolatiga ega raqamli valyutalarni o‘rganishga undamoqda. Shu bois O‘zbekistonda ham alohida tadqiq guruhlari tashkil etilgan.

Prezident qarori bilan tasdiqlangan 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan moliyaviy texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash dasturiga muvofiq, 2026 yil apreliga qadar raqamli so‘mni to‘lov vositasi sifatida joriy etish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi kutilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, Markaziy bankning raqamli valyutasi — bu davlat tomonidan chiqariladigan, milliy pulning raqamli shakli. U markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi va oddiy pul kabi to‘lov, o‘tkazma hamda hisob-kitoblarda ishlatiladi. Bu valuta naqd pulga qo‘shimcha sifatida joriy etiladi va unga teng qiymatga ega bo‘ladi. Markaziy bank raqamli valyutasi to‘lovlarni tez, xavfsiz va shaffof qilishni maqsad qiladi.

Teglar

Mavzuga oid