
Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz yagona geosiyosiy va geoiqtisodiy mintaqaga aylandi — Abdulaziz Komilov
Prezident maslahatchisi Abdulaziz Komilov Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvi formatiga qo‘shilishi ikki mintaqa o‘rtasida yangi siyosiy-iqtisodiy bog‘liqlikni yaratib, mintaqaviy integratsiya jarayonini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqanini aytdi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvi formatiga Ozarbayjonning rasman qo‘shilishi mintaqa geosiyosiy manzarasini tubdan o‘zgartirdi. O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Abdulaziz Komilov jurnalist Aziza Qurbonovaga bergan intervyusida bu qaror Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazni yagona geosiyosiy va geoiqtisodiy makonga aylantirganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sammit arafasida prezident Shavkat Mirziyoyevning maqolasi ishtirokchilar uchun ijobiy va konstruktiv muhit yaratgan va kun tartibi ham aynan shu maqola asosida shakllangan. Kamilov bu maqolani mintaqa davlatlari o‘rtasidagi yaqinlashuvni kuchaytirgan muhim omil sifatida baholadi.
Kamilov BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning tabrik maktubini ham eslab, unda Markaziy Osiyo jarayoni boshqa mintaqalar uchun o‘zaro hurmat va hamkorlikdagi muvaffaqiyatli model sifatida qayd etilganini bildirdi. Unga ko‘ra, bu tajribani siyosiy-iqtisodiy rivojlanish modeliga aylantirish imkoni mavjud.
Prezident maslahatchisi Ozarbayjonning rasmiy qo‘shilishi Aliyev nutqida alohida ta’kidlanganini, bu esa ikki mintaqa o‘rtasida bog‘liqlikni kuchaytirib, barqarorlik va xavfsizlikka xizmat qilishiga ishora qilishini qayd etdi. Kamilov prezidentlar nutqlarida ko‘tarilgan mavzular bir-biriga yaqin bo‘lganiga, Markaziy Osiyoning xalqaro maydonda yagona ovoz sifatida shakllanib borayotganiga alohida urg‘u berdi.
Uning ta’kidlashicha, integratsiya jarayonlarining bu bosqichga kelishida prezident Shavkat Mirziyoyevning xizmatlari katta. U so‘zlarini yakunlar ekan, mintaqa o‘tgan muammolarni hal qilgani va endilikda yangi kun tartibi — chuqur mintaqaviy integratsiya davri boshlanganini ma’lum qildi.
«Shuning uchun biz mubolag‘a bo‘lmaydi hech qanday, agar aytsak hurmatli prezidentimizning siyosati tufayli mana shu Markaziy Osiyo jarayonida bugun revolyutsiya sodir etdi». — dedi Abdulaziz Komilov.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev raisligida 16-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etdi.





