Markaziy Osiyoda Xitoy avtomobillari importi: Qozog‘iston va O‘zbekiston tendensiyalari

Bugun 10:552 daqiqa

Qozog‘istonda xaridorlar ko‘proq yo‘ltanlamaslarga moyil bo‘lsa, O‘zbekistonda tejamkor sedanlarga talab yuqoriroq.

Markaziy Osiyoda Xitoy avtomobillari importi: Qozog‘iston va O‘zbekiston tendensiyalari

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston Xitoydan eng ko‘p avtomobil import qilayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston ham yuqori o‘sish sur’atlarini ko‘rsatmoqda. Bu haqda Xitoy avtomobilsozlik muhandislik tadqiqot instituti (CAERI) bosh direktori o‘rinbosari Van Xungan 27-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar berdi anjumanda qatnashgan VAQT.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova.

«Markaziy Osiyo mamlakatlari haqida gapiradigan bo‘lsak, Xitoydan eng ko‘p avtomobil import qilayotgan davlat – Qozog‘iston. Xitoy avtomobil sanoati assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Qozog‘istonga eksport hajmi qariyb 211 500 donani tashkil etdi. Shuningdek, biz O‘zbekistonni ham diqqat bilan kuzatib boryapmiz, u eng yuqori o‘sish sur’atlarini ko‘rsatmoqda. Hozirgi vaqtda biz 13 ta korxona faoliyatini muvofiqlashtiryapmiz, ular 2026-yilda O‘zbekiston bozoriga yangi modellarni keng miqyosda olib kirishni rejalashtirmoqda. Bu mamlakat avtomobilsozlik sektorining sanoat jihatidan yangilanishiga xizmat qiladi», – dedi u.

1

Van Xunganning ma’lum qilishicha, Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari O‘zbekiston tomoni bilan qo‘shma sinov laboratoriyalarini tashkil etish masalalarini ham muhokama qilyapti.

«Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari tomonidan eksport qilinadigan modellar mahalliy qonunchilik talablariga, me’yoriy-huquqiy hujjatlarga moslashtiriladi, shuningdek, madaniy xususiyatlar va iste’molchilarning odatlarini hisobga oladi. Farqlar aynan shunda: masalan, Qozog‘istonda xaridorlar ko‘proq yo‘ltanlamaslarga moyil bo‘lsa, O‘zbekistonda tejamkor sedanlarga talab yuqoriroq», – deydi u.

2

Mutaxassis komplektatsiya (jihozlanish) bo‘yicha savolga ham javob berar ekan,xitoylik ishlab chiqaruvchilar mahsulot sifati va texnologik ustunligiga e’tibor qaratishini, ular ataylab jihozlarni kamaytirish yoki muhim funksiyalardan voz kechish amaliyotini mutlaqo inkor etishini bildirdi.

4

«CAERI (Xitoy avtomobilsozlik muhandislik tadqiqot instituti) inspeksiya, sinov va sertifikatlashtirish sohasida milliy ekspert organi sifatida mahsulot sifati kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Biz har qanday insofsiz raqobat yoki modellarning xususiyatlarini asossiz o‘zgartirish orqali foyda ko‘rishga bo‘lgan urinishlarning oldini olamiz. Bu — bizning qat’iy pozitsiyamiz», dedi u.

3

O‘zbekistonga Xitoydan import

Milliy statistika qo‘mitasining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonga 2025-yilning yanvar–sentabr oylarida 29 ta davlatdan 56 337 dona yengil avtomobil (elektromobillar ham) import qilingan bo‘lsa, shundan 51 770 tasi Xitoydan sotib olingan.

5

Yillar kesimida raqamlarni solishtiradigan bo‘lsak, ular yil sayin oshib borayotganiga guvoh bo‘lamiz. Masalan, 2021-yilda O‘zbekiston Xitoydan 8 880 ta avtomobil import qilgan bo‘lsa, 2022-yilda 11 159 ta, 2023-yilda 58 076 ta, 2024-yilda esa 61 ming dona avtomobil olib kelingan.

Teglar

Mavzuga oid