add

Marko Rubio: «Venesuelada saylovlar haqida gapirishga erta»

05.01.2026 | 08:582 daqiqa

AQSH davlat kotibi Venesuelada saylovlar o‘tkazish masalasini muhokama qilish hozircha barvaqt ekanini aytib, AQSH xavfsizlik ustuvorligini birinchi o‘ringa qo‘ydi.

Marko Rubio: «Venesuelada saylovlar haqida gapirishga erta»

AQSH davlat kotibi Marko Rubio Venesuelada saylovlar o‘tkazish haqida gapirish hozircha erta ekanini bildirdi. U bu fikrni «NBC News» telekanalidagi «Meet the Press» dasturida chiqish qilib, mamlakatda hal qilinishi lozim bo‘lgan bir qator shoshilinch masalalar mavjudligini ta’kidladi, deb yozmoqda «The Hill» nashri.

Rubio Venesuela kelajagi haqidagi savollar AQSH maxsus kuchlari mamlakat rahbari Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga olganidan keyin yanada dolzarblashganini aytdi. Shu bilan birga, u muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machadoni «juda kuchli siyosiy figura» deb atagan bo‘lsa-da, hozirgi bosqichda AQSH uchun qisqa muddatli xavfsizlik masalalari ustuvor ekanini qayd etdi.

Rubio so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonni avvalo narkotrafik oqimi, sanksiya ostidagi neftni tashish va mintaqaviy barqarorlik bilan bog‘liq muammolar qiziqtiradi. Ushbu masalalar hal etilmas ekan, demokratik jarayonlar haqida gapirish samarasiz bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Prezident Donald Tramp esa shanba kuni jurnalistlarga AQSH Venesuelada xavfsiz va oqilona o‘tish davri ta’minlangunicha mamlakatni boshqarishini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, AQSH neft kompaniyalari Venesuelaning neft infratuzilmasini qayta tiklashda ishtirok etadi. Venesuela dunyodagi eng yirik neft zaxiralariga ega mamlakat hisoblanadi.

Marko Rubio yakshanba kuni ham AQSHning narkotrafikka qarshi amalga oshirilayotgan ko‘p oylik operatsiyalari davom ettirilishini istisno qilmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovlar va demokratiya muhim, ammo AQSH uchun eng asosiysi — mamlakat xavfsizligi, farovonligi va milliy manfaatlarini himoya qilishdir.

Teglar

Mavzuga oid

Marko Rubio: «Venesuelada saylovlar haqida gapirishga erta» | Vaqt.uz