Martning ikkinchi yarmi uchun gaz limiti ma’lum qilindi

Bugun 12:562 daqiqa

Avvalroq sovuq ob-havo kutilmalari sabab aholi uchun qo‘llanilgan 500 metr kublik gaz imtiyozi 15-martgacha uzaytirilgan edi. Energetika vazirligi martning ikkinchi yarmi uchun bazaviy me’yor qanday hisoblanishini ma’lum qildi.

Martning ikkinchi yarmi uchun  gaz limiti ma’lum qilindi

O‘zbekistonda iste’molchilar 16-31-mart kunlari yana qo‘shimcha 50 kub metr tabiiy gazga arzonlashtirilgan narxda to‘lashlari mumkin bo‘ladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

16-martdan boshlab isitish mavsumi uchun amal qilgan yuqori me’yor bekor qilinib, 1-noyabrga qadar oyiga 100 kub metrlik bazaviy me’yor qayta joriy etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida esa bu tartib 1-oktabrgacha amal qiladi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, mart oyida gaz iste’moli ikki qismda hisoblanadi. Oyning birinchi yarmida (1-15-mart) 500 kub metrlik oylik bazaviy me’yor proporsional taqsimlanib, 250 kub metrni tashkil etadi va aholi ushbu hajm uchun imtiyozli tarifdan foydalanadi. Oyning ikkinchi yarmida (16–31-mart) esa 100 kub metrlik oylik me’yor teng ulushlarda (proporsional) taqsimlanadi va 50 kub metr gaz uchun bazaviy narx amal qiladi.

Shu tariqa, mart oyining ikkinchi yarmida iste’mol qilingan ushbu 50 kub metr tabiiy gaz uchun aholi bazaviy tarif bo‘yicha — 1 kub metr uchun 1000 so‘mdan to‘lov amalga oshiradi. Bu hajm uchun 1800 so‘mlik oshirilgan tarif qo‘llanilmaydi.

Tabiiy gaz hisob-kitoblari bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarga «Hududgazta’minot» aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallari tomonidan tushuntirishlar berilayotgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, prezident qarorlariga muvofiq ehtiyojmand oilalar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha davlat tomonidan har oy kompensatsiya to‘lanadi. Ilgari bu imtiyoz faqat qish oylarida amal qilgan bo‘lsa, endilikda u yil davomida har oy beriladi.

Eslatib o‘tamiz, mart oyi boshida respublika hududlarida havo harorati keskin sovib ketgani sababli tabiiy gaz uchun belgilangan qishki bazaviy me’yor 15-martga qadar uzaytirilgan edi. Shu davr mobaynida aholi uchun oylik 500 kub metrlik bazaviy me’yor amal qildi.

Teglar

Mavzuga oid