add

Mask 1 trln dollarlik reja rad etilsa, Tesla’ni tark etishi mumkin

28.10.2025 | 16:005892

Tesla boshqaruv kengashi Maskni lavozimida olib qolish uchun aksiyadorlarni 1 trln dollarlik mukofot rejasiga ovoz berishga chaqirdi.

Mask 1 trln dollarlik reja rad etilsa, Tesla’ni tark etishi mumkin

Tesla direktorlar kengashi raisi Robin Denxolm aksiyadorlarni agar bosh direktor Ilon Maskka deyarli 1 trillion dollarlik mukofot paketini taqdim etishni qo‘llab-quvvatlamasalar, Mask kompaniyani tark etishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda u 6 noyabrga belgilangan yillik yig‘ilish oldidan aksiyadorlarga yo‘llagan maktubida yozgan, deb xabar bermoqda CNBC.

«Ilonsiz Tesla katta qiymatini yo‘qotishi mumkin, chunki kompaniyamizni biz intilayotgan maqsadlarimizga qarab baholamay qo‘yishlari mumkin», - dedi Denxolm.

Mask uchun mo‘ljallangan 1 trln dollarlik aksiyalar rejasi 5 noyabrgacha aksiyadorlar tomonidan ma’qullanishi kerak. Biroq bu taklifga qarshilar ham bor. Dunyodagi eng yirik konsalting firmasi Institutional Shareholder Services uni «astronomik summa» deb baholab, ovoz bermaslikni tavsiya etgan. Shuningdek, bir guruh kasaba uyushmalari va korporativ kuzatuvchilar Maskning siyosiy faolligi Tesla brendiga zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidlab, qarshilik kampaniyasini boshlagan.

Denxolm bu masala faqat moliyaviy mukofot haqida emas, balki kompaniyadagi ta’sir va boshqaruv haqida ekanini aytdi. Uning fikricha, Mask sun’iy intellekt sohasida xavfli yo‘nalishlarni cheklash uchun yetarli nazoratga ega bo‘lishni xohlaydi. Bu reja tasdiqlansa, Maskning kompaniyadagi ulushi 25 foizga yetadi.

Aksiyadorlarning bir qismi mukofot paketiga qarshi chiqib, Maskni o‘z lavozimida saqlab qolish uchun direktorlar kengashining «tinimsiz harakati»ni tanqid qilmoqda. Ularning fikricha, bu asosiy maqsadlarga erishishni sekinlashtiradi, Tesla'ning operatsion va moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi hamda real vaqt rejimida rahbariyat faoliyatini nazorat qilishni cheklaydi.

Tesla esa bu tanqidlarga javoban, Maskning mukofoti to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompaniya qiymatining o‘sishiga bog‘langanini bildirdi. “Agar u natijaga erishmasa, hech narsa olmaydi”, - deyilgan kompaniya bayonotida.

Sentyabr oyida direktorlar kengashi Maskka keyingi o‘n yil davomida maosh va mukofotlar to‘lamaslikni, aksiyalarni faqat kompaniya ma’lum maqsadlarga erishganda, jumladan, kapitallashuvni kamida 8,5 trillion dollargacha oshirish va foydani ko‘paytirish sharti bilan berishni taklif qildi. Mukofot paketining potensial qiymati taxminan 1 trillion dollarga baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid