Meta Instagram, Facebook va WhatsApp uchun yangi pullik tariflarni ishga tushirdi
Yangi tariflar foydalanuvchilarga kengaytirilgan analitika, maxfiylik va interfeysni moslashtirish imkoniyatlarini taqdim etadi.
© tgrthaber.comMeta Instagram, Facebook va WhatsApp platformalari uchun yangi pullik obuna xizmatlarini global miqyosda joriy etmoqda. Kompaniya ma’lum qilishicha, Instagram Plus va Facebook Plus obunalari oyiga 4 dollardan taklif etiladi. WhatsApp Plus esa foydalanuvchilarga har oy 3 dollarga tushadi. Shu bilan birga, yangi xizmatlar avvaldan mavjud bo‘lgan Meta Verified tizimining o‘rnini bosmaydi.
Instagram Plus va Facebook Plus afzalliklari
Instagram Plus obunachilari «Stories» bo‘yicha chuqurlashtirilgan statistikadan foydalanishi, hikoyalarning ko‘rinish muddatini 24 soatdan uzaytirishi mumkin. Shuningdek, «Yaqin do‘stlar»dan tashqari cheklanmagan foydalanuvchi ro‘yxatlarini yaratish, «Stories»larni anonim ko‘rish va o‘z postlarini ayrim obunachilar lentasidan yashirish imkoni ham paydo bo‘ladi. Facebook Plus xizmati ham o‘xshash funksiyalar va qo‘shimcha personalizatsiya vositalarini taklif qiladi.
WhatsApp Plus afzalliklari
WhatsApp Plus esa ko‘proq chatlarni mustahkamlash, chat ro‘yxatlarini erkin sozlash, ilovadagi dizayn va bildirishnoma tovushlarini o‘zgartirish hamda eksklyuziv stikerlardan foydalanish imkonini beradi.
Meta alohida ta’kidlashicha, oyiga 15 dollarlik Meta Verified xizmati o‘zgarishsiz qoladi. U akkauntni tasdiqlash va «ko‘k belgi» olish uchun mo‘ljallangan.
Meta sun’iy intellekt ta’riflari
Kompaniya shu bilan birga Meta One va Meta One Premium nomli yangi sun’iy intellekt tariflarini ham sinovdan o‘tkazmoqda. Ularning narxi mos ravishda oyiga 8 va 20 dollar etib belgilangan. «Premium» versiyasi murakkab so‘rovlarni qayta ishlash uchun kuchliroq hisoblash resurslarini taqdim etadi.
Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada esa Meta Instagram va Facebook’da reklamalarni to‘liq o‘chirish imkonini beruvchi alohida obunalarni taklif qilmoqda. Bu qaror Yevropa regulyatorlari talablari asosida joriy etilgan.





