«Milliy bank» yetakchilikni yo‘qotdi: I chorakda banklar qanday foyda ko‘rdi?

Kecha 21:402 daqiqa

Yangi yetakchi o‘tgan yilning mos davrini zarar bilan yakunlagandi. Mamlakatdagi 34 ta bankdan 33 tasi bu chorakda foyda olishga erishdi.

«Milliy bank» yetakchilikni yo‘qotdi: I chorakda banklar qanday foyda ko‘rdi?

O‘zbekistonda banklarning 2026-yil I chorakdagi sof foydasi 5,5 trln so‘mni tashkil qildi. Bu 2025-yil mos davriga nisbatan 2,2 trln so‘mga yoki 61,6 foizga ko‘proq.

Mavjud 34 ta bankdan 27 tasi 2025-yilga nisbatan foyda ko‘rsatkichini yaxshilashga erishdi. «Tenge bank» foydasi foiz hisobda eng ko‘p o‘sdi.

2025-yil I choragini 30,7 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan «Ipoteka bank» bu safar 846,4 mlrd so‘m sof foyda oldi va yetakchi bo‘ldi.

«Milliy bank» foydasi 135,3 mlrd so‘mga ko‘paydi va 603,2 mlrd so‘mni tashkil qildi. Biroq, bu eng ko‘p foyda oluvchi bank maqomini saqlab qolish uchun yetarli bo‘lmadi va bank ikkinchi o‘rindan joy oldi.

Yaqinda Milliy investitsiya jamg‘armasi tarkibida IPOga chiqadigan (40 foiz ulushi) «Sanoatqurilishbank» foydasi 146,1 mlrd so‘mga o‘sib, 550 mlrd so‘mga yetdi. Natijada bank uchinchi o‘rinni egalladi.

1

«Xalq banki»ning uch oydagi foydasi 286,4 mlrd so‘mga sezilarli o‘sib, 326 mlrd so‘mni tashkil qildi. 2025-yil mos davrida atigi 40 mlrd so‘mga yaqin foyda olingandi.

«Ipak yo‘li bank» foydasi 46 mlrd so‘mga pasayib, bu borada eng yomon ko‘rsatkichni qayd etdi. Bank foydasi joriy yilda 234,4 mlrd so‘m bo‘lib turibdi.

Bu bankdan tashqari, «Orient Finans Bank», «Biznesni rivojlantirish banki», «Anorbank», «Mikrokreditbank», «Hayotbank» va «Poytaxtbank» ham bu chorakda 2025-yilning mos davriga nisbatan kamroq foyda oldi.

«Uzum Bank» 105,3 mlrd so‘m (+178,8 foiz) va «TBC Bank» 92,9 mlrd so‘m (+191,4 foiz) sof foyda olib, avvalgi yilga nisbatan sezilarli o‘sish qayd etdi. «TBC Bank» butun boshli 2025-yilni 600 mln so‘mdan biroz ko‘proq foyda bilan yakunlagandi.

O‘zbekistondagi 34 ta bankdan 33 tasi I chorakni foyda bilan yakunladi. Faqatgina «AVO Bank» joriy chorakda zarar ko‘rdi. Bir necha yildan beri yangi o‘zgarishlarni boshdan kechirayotgan bank 2025-yilda 6,6 mlrd so‘m foyda olgandi.

Davlat banklari orasida «Turonbank» eng kam foyda oldi. Bank foydasi joriy yilda 0,2 mlrd so‘mga ko‘payib, 7,5 mlrd so‘mni tashkil qildi.


Teglar

Mavzuga oid