Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO'sida talab taklifdan uch baravar oshib ketdi
O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi IPO'siga buyurtmalar kutilgandan yuqori bo‘ldi. Ortiqcha talab yuzaga kelganida, 200 mln so‘mgacha bo‘lgan arizalar bilan qatnashgan chakana investorlarga ustunlik berilishi aytilmoqda.
© Franklin TempletonO‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) birlamchi ommaviy taklifi katta qiziqish uyg‘otdi. Aksiyalar uchun tushgan buyurtmalar hajmi taklifdan uch baravardan ko‘proqni tashkil etgan. Bu haqda Spot o‘z manbalariga tayanib, xabar bermoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, ortiqcha talab yuzaga kelgan taqdirda taqsimotda chakana investorlarga ustunlik beriladi. Xususan, 200 mln so‘mgacha ariza topshirgan jismoniy shaxslar birinchi navbatda ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, 29-aprel kuni UzNIF umumiy hajmi 1,95 mlrd dollargacha bo‘lgan IPO boshlanganini e’lon qilgandi. Joylashtirish jarayoni 2026-yil 12-maygacha davom etadi. IPO London va Toshkentda ikki tomonlama, «dual listing» ko‘rinishida o‘tkaziladi.
Taklif narxi bir GDR uchun 25 dollar, bir aksiya uchun esa 4,65 so‘m etib belgilangan. Har bir GDR 64 700 ta aksiyaga teng. Barcha qimmatli qog‘ozlar yagona aksiyador — Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sotuvga qo‘yilmoqda.
Jamg‘armaning umumiy aksiyalari soni 5 trilliondan ortiq bo‘lib, ushbu narx kompaniya kapitallashuvini taxminan 1,95 milliard dollarga baholamoqda. IPO orqali kompaniya aksiyadorlik kapitalining taxminan 30 foizi investorlarga taklif etiladi.
IPO ikki qismdan iborat: mahalliy va ayrim xorijiy investorlar uchun aksiyalar, hamda xalqaro institutsional investorlar uchun GDR'lar taklif etiladi.
«BlackRock», «Franklin Resources» va «Redwheel» kabi yirik fondlar, shuningdek, ayrim g‘aznachilik kompaniyalari taxminan 300 mln dollarlik GDR'larga obuna bo‘lish bo‘yicha kelishuv tuzgan.
Jismoniy shaxslar uchun qo‘shimcha rag‘bat sifatida 12 mlrd so‘mgacha bo‘lgan arizalarga 5 foiz chegirma taqdim etilmoqda. Bu holda aksiya narxi 4,41 so‘mni tashkil qiladi.
Chakana investorlar mahalliy brokerlar (Alkes Research, Avesta Investment Group va Bluestone Financial Group Inc) yoki «Jett» platformasi orqali ishtirok etishi mumkin. Savdolar Toshkent va London birjalarida taxminan 18-maydan boshlanishi rejalashtirilgan.





