add

Mirziyoyev AQSHning Yuta shtati biznes delegatsiyasini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Yuta shtatining Iso Masih Oxirgi zamon avliyolari cherkovi oqsoqoli Devid Bednar va «Stirling» xalqaro xayriya fondi raisi Mayls Xansendan iborat ishbilarmonlar bilan uchrashdi.

Mirziyoyev AQSHning Yuta shtati biznes delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSHning Yuta shtati biznes delegatsiyasini qabul qildi. Shuningdek, AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik ham ishtirok etdi. Bu haqda Prezident axborot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlarining sur’ati ortib borayotgan sharoitda Yuta shtati bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Yuta shtati o‘rtasidagi faol muloqot va almashinuvlar mamnuniyat bilan qayd etildi. Raqamlashtirish, ta’lim va ijtimoiy himoya sohalarida qo‘shma loyihalar boshlangan.

Innovatsiyalar, tog‘-kon sanoati, xotin-qizlar tadbirkorligi, inklyuziv ta’lim, sog‘liqni saqlash, suv ta’minoti va sanitariya sohalarida loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat borligi ta’kidlandi.

Yakunda hududlararo aloqalarni rivojlantirish maqsadida Yuta shtati gubernatori boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilishi haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston tomonidan kengashga Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamraislik qiladi. Shuningdek, 2026 yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida Prezident Administratsiyasi vakili — maslahatchi-elchi lavozimi joriy etiladi.

Teglar

Mavzuga oid

Mirziyoyev AQSHning Yuta shtati biznes delegatsiyasini qabul qildi | Vaqt.uz