add

Mirziyoyev infratuzilma loyihalari bo‘yicha taqdimotni ko‘rib chiqdi

Yangi qurilish tashabbuslari turizm, transport va ta’lim sohalarida hududlar salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Mirziyoyev infratuzilma loyihalari bo‘yicha taqdimotni ko‘rib chiqdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev turizm, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan yirik qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va tashqi aloqalarning kengayishi infratuzilmani zamonaviy talablar asosida yangilashni talab etmoqda.

Taqdimotda hududlar kesimida rejalashtirilgan bunyodkorlik ishlari muhokama qilindi. Xususan, Xiva shahrida Kongress markazi hamda tarixiy-etnografik bog‘ barpo etish rejalashtirilgan. Ushbu inshootlar xalqaro anjumanlar o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirish va turistlar oqimini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, Konfutsiy instituti va Lu Ban ustaxonasini tashkil etish orqali madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish uchun yangi sharoitlar yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish loyihasi ham taqdim etildi. Unda infratuzilmani kengaytirish, yo‘lovchi va yuklarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, logistika imkoniyatlarini oshirish rejalashtirilgan. Urganch vokzalidan aeroportga alohida temir yo‘l liniyasi tortilishi yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Bundan tashqari, Urganch–Xiva avtomobil yo‘lini obodonlashtirish va unga muqobil yangi avtoyo‘l qurish takliflari bildirildi. Farg‘ona shahrida ekspomarkaz barpo etish orqali xalqaro ko‘rgazmalar va biznes forumlar o‘tkazish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.

Shu bilan birga, Burxoniddin Marg‘iloniy ilmiy-tadqiqot markazi, Buxoro davlat universitetining yangi kampusi va Toshkent shahrida badiiy gimnastika majmuasi qurish loyihalari muhokama qilindi. Prezident loyihalarni amalga oshirishda sifat, qulaylik va shaharsozlik talablariga qat’iy rioya qilish zarurligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid