Logo

Mirziyoyev narkojinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi

Kecha 23:352 daqiqa

G‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish, narkotiklarning noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish, bangixona tashkil etish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilandi.

Mirziyoyev narkojinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni imzoladi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Taqdimotda parlament tomonidan qabul qilingan, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunning mazmun-mohiyati haqida axborot berildi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga «Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar» nomli yangi bob kiritilmoqda. Unda aholi, ayniqsa yoshlar salomatligiga tahdid soluvchi qilmishlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan.

Yangi choralar


Ma’lum qilinishicha, narkojinoyatlarning zamonaviy shakllari inobatga olinib, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish, narkotiklarning noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish va bangixona tashkil etish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, 10 dan ortiq xavfli qilmish bo‘yicha jazo choralari og‘irlashtiriladi. Davlat rahbari mazkur qonun narkojinoyatchilikka qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqishi va aholi salomatligini himoya qilishda muhim huquqiy asos bo‘lishini ta’kidlab, hujjatni imzoladi.

Taqdimotda, shuningdek, «Narkotiklar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi haqida ham axborot berildi. Loyihada giyohvandlikka qarshi davlat siyosatining yettita asosiy yo‘nalishi belgilanishi, internet orqali sodir etilayotgan narkojinoyatlarga qarshi kurashish, profilaktika, davolash va reabilitatsiya tizimini takomillashtirish choralari nazarda tutilgan.

Teglar

Mavzuga oid