
Mirziyoyev yuk mashinalari uchun 35 ta ko‘chma va statsionar tarozi o‘rnatish vazifasini topshirdi
Unga ko‘ra, belgilangan og‘irlikdan ortiq bo‘lgan yuk mashinalarining harakatlanishi oqibatida 1800 kilometr yo‘l eskirgan holatga kelib qolgan.

Bugun, 9-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev avtomobil yo‘llari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, oxirgi uch yilda avtoyo‘l sohasiga qariyb 40 trillion so‘m ajratilib, 63 ming kilometr yo‘lda qurilish va ta’mirlash ishlari bajarilgan. Sohaga xorijdan jalb qilinayotgan mablag‘lar 3 barobar oshib, 2025 yilda 1,2 milliard dollarga yetgan,
Yo‘l qurilishida namunaviy andozalardan voz kechilib, har bir hududning geologik va ekologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda loyihalashtirish amaliyoti joriy etilgan. Zamonaviy turdagi qoplamalar ishlab chiqilib, yo‘llarning xizmat muddati 1,5 barobarga oshirilgan.
Taqdimotda sohada mavjud muammolarni hal etish yuzasidan taklif va rejalar taqdim qilingan. Avvalo, mavjud umumiy foydalanishdagi va ichki yo‘llar hamda ko‘priklarni ta’mirlash, yangilarini barpo etishda ilg‘or tajriba va jahonda o‘zini oqlagan texnologiyalardan foydalanish sustligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Kelgusi yillarda 21 ming kilometr yo‘llarni qurish va ta’mirlash, 14 ming kilometr tuproq yo‘llarni shag‘allashtirish hamda 325 ta ko‘prikni ta’mirlash rejalashtirilgan. Bunda xorijiy ekspertlar va texnologiyalarni keng jalb qilish, ilg‘or standartlarni joriy qilgan holda ishni tashkil etish topshirilgan.
«Og‘irligi me’yordan ortiq yuk avtomashinalarining harakatlangani oqibatida 1800 kilometr yo‘l ta’mirtalab holga kelib qolgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan yuk transporti vaznini nazorat qilish uchun o‘lchov tarozilari tarmog‘ini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Hozirda 9 ta shunday tarozi o‘rnatilgan, 8 tasini o‘rnatish ishlari davom etmoqda. Kelgusida yana 35 ta ko‘chma va statsionar nazorat-o‘lchov maskanini barpo etishga topshiriq berildi», - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mutasaddilarga og‘irlik va gabarit nazorati bilan bog‘liq barcha jarayonlarni qamrab olgan idoralararo elektron axborot tizimini ishga tushirish topshirilgan. Shuningdek, ob-havo sharoitlaridan kelib chiqib, og‘ir vaznli transport vositalari harakatlanishini mavsumiy cheklash tartibini ishlab chiqish taklif etilgan.
bugungi kunda yangi yo‘llarning 61 foizini, «Tashabbusli budjet» doirasida esa ichki yo‘llarning 92 foizini xususiy sektor qurmoqda. Uzoq yillar davlat monopoliyasida bo‘lgan yo‘llarni saqlash ishlari ham bosqichma-bosqich xususiy sheriklikka berilmoqda.
Bu ishlarni kengaytirib, kelgusi yilda 3 ming kilometr, 2030 yilga borib esa 6,3 ming kilometr yo‘llarni saqlashga tadbirkorlarni jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 86 ta tumanda quriladigan yo‘llarni to‘liq mahalliy pudratchilarga berish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sohada raqamlashtirish darajasi past ekani, mavjud 59 ta xizmatning faqat 20 tasi raqamlashgani qayd etildi. Kelgusi yilda 28 ta xizmatni elektron shaklga o‘tkazish, intellektual transport tizimini joriy etish va 7 ta yangi elektron platformani ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Taqdimot yakunida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston avtomobil yo‘llarini 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi topshirildi.





