add

Misr bosh imomi Saida Mirziyoyevaning insonparvarlik tashabbuslarini yuqori baholadi

Bugun 11:24512 daqiqa

Qohiradagi uchrashuvda al-Azhar majmuasi rahbari Saida Mirziyoyevaning ijtimoiy sohalardagi tashabbuslarini yuqori baholadi. Shuningdek, Al-Azhar rahbariyati O‘zbekiston bilan ilmiy-ta’limiy loyihalarni kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Misr bosh imomi Saida Mirziyoyevaning insonparvarlik tashabbuslarini yuqori baholadi

Misr bosh imomi, Musulmon donishmandlari kengashi raisi va al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Tayyib Saida Mirziyoyevaning O‘zbekistonda xotin-qizlar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, bolalar huquqlarini himoya qilish va ma’rifatni kuchaytirish borasidagi amaliy ishlarini yuqori baholadi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva ham o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.

Uchrashuv al-Azhar majmuasida bo‘lib, unda Zayed insonparvarlik va birodarlik mukofoti missiyasini samarali amalga oshirish, tinchlik va o‘zaro hurmatni qo‘llab-quvvatlovchi tashabbuslarni rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Saida Mirziyoyeva mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik global ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Suhbat davomida Shayx Ahmad Tayyib O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy salomlarini yo‘llab, 2018 va 2020 yillarda mamlakatga qilgan tashriflari chog‘idagi mehmondo‘stlikni hanuz qadrlashini bildirdi. U, shuningdek, Imom Moturidiy, Termiziy, Zamaxshariy kabi movarounnahrlik allomalar merosi butun islom ilm-faniga ulkan hissa qo‘shganini alohida ta’kidladi.

Saida Mirziyoyeva Azhar shayxining insoniy birodarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini ilgari surishdagi o‘rnini yuqori baholadi. U 2018 yilda O‘zbekiston Islom akademiyasi tomonidan Shayx at-Tayyibga berilgan faxriy doktorlik unvoni mamlakat uchun muhim e’tirof ekanini qayd etdi. Shu bilan birga prezident Shavkat Mirziyoyevning salom va tilaklarini yetkazdi.

Tashrif chog‘ida ikki tomonlama ma’rifat va ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar, jumladan qo‘shma ta’lim dasturlari, talaba va tadqiqotchilar almashinuvi, 100 mingdan ortiq qo‘lyozmalarni o‘rganish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekstremizmdan jabr ko‘rganlarni reabilitatsiya qilish borasida hamkorlikni kuchaytirish taklif qilindi. Shayx at-Tayyib ushbu takliflarni qo‘llab-quvvatlab, qo‘shma komissiya tuzishni topshirdi.

Uchrashuv yakunida Saida Mirziyoyeva Shayx Ahmad Tayyibni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelish va Islom sivilizatsiyasi markazi ochilish marosimida ishtirok etishga taklif qildi. Shayx taklifni mamnuniyat bilan qabul qildi.

Shu kunning o‘zida Zayed insonparvarlik mukofoti hakamlar hay’ati Azhar masjidini ziyorat qilib, asrlar davomidagi ilmiy va ma’rifiy roli bilan tanishdi. Hay’at bu hafta Qohira va Rimda 76 dan ortiq mamlakatdan kelgan nominatsiyalarni ko‘rib chiqmoqda.

Teglar

Mavzuga oid