add

Moskvada o‘quvchilar Max messenjerini o‘rnatishdan bosh tortmoqda

Bugun 22:583472

Kreml tomonidan faol targ‘ib qilinayotgan milliy messenjer Max Moskvada aholi qarshiligiga uchramoqda. Maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalari dasturni o‘rnatishni istamayapti.

Moskvada o‘quvchilar Max messenjerini o‘rnatishdan bosh tortmoqda

«Novaya gazeta» va antropolog Aleksandra Arxipova xabariga ko‘ra, Moskva shahar maorif departamentining yopiq yig‘ilishida e’lon qilingan ma’lumotlarga asosan, faqat 7 foiz o‘quvchi Max messenjerini o‘rnatgan. Ota-onalar orasida bu ko‘rsatkich 20 foizni tashkil etgan. Faqat o‘qituvchilarda dasturni o‘rnatish darajasi yuqori — ularning 62 foizi bosimlar tufayli Max’dan foydalanishga majbur bo‘lgan.

Biror bir maktabda messenjerni 30 foizdan ortiq o‘quvchi va 50 foiz ota-ona o‘rnatmagan. Vazirlik bu ko‘rsatkichlarni «yetarli emas» deb baholadi. Aniqlanishicha, Max’ni joriy etish eng qiyin kechayotgan muassasalar — Yagona davlat imtihonlari natijalari bo‘yicha yuqori reytingdagi litsey va gimnaziyalar hisoblanadi. Jumladan, №1543 gimnaziya va «Intellektual» maktabida o‘rnatish darajasi juda past bo‘lgan.

Moskvadagi maktab va ota-onalar chatlari 1-sentabrdan Max’ga o‘tkazilmoqda. Shahar meri o‘rinbosari Anastasiya Rakova messenjerni faol targ‘ib qilmoqda. Holbuki maorif vaziri Sergey Kravsov «hech kimni majburlamaymiz» degan edi. Ammo maktablarga 30-dekabrgacha xodimlarning 75 foizi va ota-onalar hamda o‘quvchilarning 30 foizi Max’da har haftalik faol bo‘lishi haqida ko‘rsatma tushirilgan.

O‘qituvchilar Max orqali har kuni xizmat xabarlarini yuborishga majbur qilingan. Ayrim o‘quv yurtlarida esa Max’ni o‘rnatmagan talabalar imtihonlarga qo‘yilmasligi yoki o‘qishdan haydalishi bilan qo‘rqitilmoqda.

Maxsus milliy messenjer yaratish buyrug‘ini prezident Vladimir Putin bergan edi. Ammo IT-ekspertlar Max’ni foydalanuvchining har bir harakatini qayd etuvchi «tajovuzkor josuslik dasturi» deb baholashmoqda.

1-sentabrdan boshlab Max barcha yangi elektron qurilmalarga majburiy ravishda o‘rnatilmoqda. Elektron raqamli imzo olish uchun ham Max’da ro‘yxatdan o‘tish shart qilib qo‘yilgan.

ExtremeScan so‘rovnomasiga ko‘ra, rossiyaliklarning 47 foizi Max’ni o‘rnatishdan qochishga harakat qiladi, faqat 34 foiz foydalanishga tayyorligini bildirgan. Ko‘pchilik davlat kuzatuvidan xavfsirab, alohida telefonda yoki shaxsiy ma’lumot yig‘ish funksiyasi o‘chirilgan versiya orqali foydalanmoqda.

Dasturni VK kompaniyasining prezidenti, prezident ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari o‘g‘li Vladimir Kiriyenko boshchiligidagi tuzilma ishlab chiqmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Moskvada o‘quvchilar Max messenjerini o‘rnatishdan bosh tortmoqda | Vaqt.uz