Mukofot jamg‘armasi 5 million dollar bo‘lgan Prezident startap tanloviga start berildi
Shuningdek, Nurafshon shahrida 500 million dollarlik Kelajak texnologiyalari markazi qurilishi boshlandi.
© Foto: president.uzO‘zbekistonda innovatsion g‘oyalarni rag‘batlantirish maqsadida mukofot jamg‘armasi 5 million dollar bo‘lgan Prezident startap tanloviga start berildi. Shuningdek, joriy yilning o‘zida mamlakatda venchur investitsiyalar hajmi 5 barobar ko‘payib, milliy startap ekotizimi qariyb 4,5 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Nurafshon shahrida Kelajak texnologiyalari markaziga tamal toshi qo‘yish va yangi loyihalarni boshlash marosimida ma’lum qildi.
Tadbirda umumiy maydoni 36 gektar bo‘lgan Kelajak texnologiyalari markazi qurilishi boshlanishi ham qayd etildi. Ushbu majmua qurilishiga qariyb 500 million dollar investitsiya jalb qilinadi hamda bu yerda 5 mingdan ortiq yuqori malakali ish o‘rni tashkil etiladi. Markaz 5 megavattli energetika quvvatlari bilan ta’minlanadi.
Markaz ta’lim, ilmiy tadqiqot, texnologik sinov va ishlab chiqarishni birlashtiradigan yagona innovatsion ekotizim bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Klasterda kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya yo‘nalishlarida 6 ta zamonaviy laboratoriya, sun’iy intellekt data-markazi va muhandislik klasteri tashkil etiladi. Bundan tashqari, himoyalangan komputerlar, ma’lumot uzatish qurilmalari va yuqori texnologik tokenlar ishlab chiqarish markazi hamda dron va robototexnika uchun maxsus sinov poligoni faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Yaxlit innovatsion klaster
Ushbu majmua uchun Nurafshon shahri tanlanganiga bu yerda kiberxavfsizlik va axborot himoyasi bo‘yicha qariyb 1 ming nafar mutaxassis tayyorlayotgan “Cyber University” faoliyat yuritayotgani sabab qilib ko‘rsatildi. Endi universitet atrofida butun mamlakat uchun namuna bo‘ladigan yaxlit innovatsion klaster shakllantiriladi. Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida esa mahalliy texnologiyalarni tijoratlashtirish va milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish platformasi yaratiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda raqamlashtirishni ortga surgan va sun’iy intellektni o‘zlashtirmagan davlatlar global rivojlanishdan orqada qolishi ta’kidlandi. Hayotning barcha jabhalarini raqamlashtirish bilan jiddiy shug‘ullanmasdan turib, rivojlanish mumkin emasligi alohida qayd etildi.





