«Mulk huquqi qiymatini yo‘qotsa, iqtisodiyot poydevori chilparchin bo‘ladi». Timur Musin nega restoranlarini sotayotgani haqida

Bugun 13:553 daqiqa

Biznes-ombudsman «Caravan Group»ning mulkiy huquqlarini oliy sud instansiyalarida himoya qilishini bildirdi.

«Mulk huquqi qiymatini yo‘qotsa, iqtisodiyot poydevori chilparchin bo‘ladi». Timur Musin nega restoranlarini sotayotgani haqida © musin.uz

25 yillik tajribaga ega restorator, «Caravan Group» asoschisi va O‘zbekiston restoratorlar assotsiatsiyasi rahbari bo‘lgan Timur Musin o‘zining bir qator umumiy ovqatlanish muassasalarini sotuvga qo‘ygandi. Tadbirkor OAVga bergan intervyularida bu qarorini sud nizolari, investitsiya xatarlari va hozirgi ishbilarmonlik muhiti bilan izohladi.

«Bundan roppa-rosa 13 yil avval ulkan mehnat — «Cinara’s» etnografik qishlog‘ini barpo etish loyihasi boshlangan edi. Bu shunchaki qurilish obyekti emas, balki arxeologlar, me’morlar, haykaltaroshlar va rassomlar birlashmasi edi. Edvard Rtveladze, Yuriy Buryakov, Sergo Sutyagin va Kozo Ivatani kabi nomlarni birlashtirgan loyiha mamlakatning haqiqiy madaniy kodiga aylanishi kerak edi. Oradan 13 yil o‘tib, bu keng ko‘lamli tashabbus odil sudlov tizimining «suvosti toshlari»ga urilib, chilparchin bo‘ldi. Katta hajmdagi intellektual mehnat va millionlab dollarlik investitsiyalar sudyalar reyderligi va «qonuniy» ekspropriatsiya obektiga aylanib qoldi», — degan Timur Musin «Gazeta»ga bergan izohida.

Tadbirkor «Spot»ga bergan intrevyusida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimligi «davlat ehtiyojlari» degan bahona bilan hech kimga keraksiz yo‘l tarmog‘i qurish uchun 70 sotix yerni undan tortib olgani, hech qanday hujjat ko‘rsatmasdan, shunchaki kelib, buzib ketishganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkor Oliy sudgacha borib, 13 mlrdlik tovon pulini undirgan, ammo sud qarori bir necha marta bekor qilingan. 2025-yilda Oliy sud tovon to‘lanishini yana ma’qullagan, biroq keyinchalik Bosh prokuratura protesti bilan bu qaror ham bekor qilinib, ish qayta ko‘rib chiqishga yuborilgan.

«Birinchi ish bo‘yicha kompensatsiya berish o‘rniga loyihamizga nisbatan yangi ish — bu safar kadastr masalasi bo‘yicha ish ochildi. Sud 2010-yilda berilgan loyiha kadastr hujjatlarini bekor qildi. Bunga esa 18 yil avvalgi «yangi aniqlangan holatlar» asos qilib ko‘rsatildi. Natijada, boshqa yo‘qotishlarga qo‘shimcha ravishda, bizga yana 1 mlrd so‘mdan ortiq davlat boji to‘lash xavfi ham tug‘ildi», – deydi Musin.

Uning aytishicha, umumiy maydoni 14,9 gektar bo‘lgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarim amalda majburan bekor etilib, davlat foydasiga olib qo‘yilgan. Oliy sud raisi nomiga bir necha bor qilgan murojaatlarim esa ko‘rib chiqilmasdan javobsiz qoldirilgan. Yer va aktivlarni olib qo‘yishdan ko‘rilgan umumiy zarar taxminan 50 mln dollarni tashkil etadi.

«Mulk huquqi qadr-qimmatini yo‘qotib, 18 yil oldingi kadastrlar bir qalam harakati bilan nolga aylantirilsa, iqtisodiyotning poydevori chilparchin bo‘ladi. Sudlar mustaqil bo‘lmas ekan, biznesni qo‘llab-quvvatlash haqidagi barcha tadbirlar va balandparvoz gaplar shunchaki ko‘zbo‘yamachilik bo‘lib qolaveradi», – deydi u.

Biznes-ombudsman nima deydi?

Prezident huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) «Caravan Group»ning mulkiy huquqlarini oliy sud instansiyalarida oxirigacha himoya qilishini bildirdi.

«Mazkur holat Biznes-ombudsman tomonidan alohida nazoratga olingan bo‘lib, tadbirkorning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud instansiyalarida faol ishtirok etib kelmoqda», – deyiladi Biznes-ombudsman bayonotida.

Bildirilishicha, tadbirkor foydasiga 12,5 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya undirish masalasi ko‘rilgan sud jarayonlarida Biznes-ombudsman vakillari ham qatnashgan. Mazkur ish bo‘yicha chiqarilgan sudning so‘nggi qarorida kompensatsiya undirish nazarda tutilmaganligi sababli, hozirda ushbu qaror ustidan Oliy sudning taftish instansiyasiga shikoyat kiritish ishlari olib borilmoqda.

«Biznes-ombudsmanning kassatsiya shikoyati asosida Toshkent viloyat ma’muriy sudi tomonidan kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topish qismi bo‘yicha ish yuritish tugatilishiga erishildi. Hozirda hokim qarorlarini haqiqiy emas deb topish qismi bo‘yicha taftish tartibida shikoyat tayyorlanmoqda», – deyiladi bayonotda.

Biznes-ombudsman devoni tadbirkorning mulkiy huquqlarini himoya qilishda qat’iy pozitsiyada ekanligini va sud jarayonlarida oxirigacha ko‘maklashishini bildirgan.

Teglar

Mavzuga oid

«Mulk huquqi qiymatini yo‘qotsa, iqtisodiyot poydevori chilparchin bo‘ladi». Timur Musin nega restoranlarini sotayotgani haqida | Vaqt.uz