
Murod Nazarov va «AVO bank» mikromoliya bozoriga kirdi
Markaziy bank Murod Nazarov va «AVO bank»ga bog‘liq kompaniyalarni o‘z ichiga olgan uchta yangi mikromoliya tashkilotini rasman reyestrga kiritdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank boshqaruvi qarori bilan yana uchta mikromoliya tashkiloti (MMT) davlat reyestriga kiritildi. Regulyator matbuot xizmatiga ko‘ra, gap «ADL Moliya», «Prizma Kapital» va «Avo Finance» kompaniyalari haqida bormoqda.
Markaziy bank boshqaruvining 156-, 157- va 158-sonli qarorlariga muvofiq, ushbu kompaniyalar mikrofinans faoliyatini amalga oshirish huquqini oldi. Yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, barcha uchta MMT joriy yil oktabr oyida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
«ADL Moliya» mikromoliyatashkiloti 2,5 mlrd so‘m ustav kapitali bilan tashkil etilgan bo‘lib, asosiy faoliyat yo‘nalishi moliyaviy lizing hisoblanadi. Kompaniyaning yagona ta’sischisi — tadbirkor Murod Nazarov. U «Murad Buildings» va NRG developerlik guruhlarida, shuningdek, qurilish va arxitektura sohalaridagi bir qator bog‘liq korxonalarda ulushga ega.
«Prizma Kapital» esa Qo‘qon shahrida tashkil etilgan bo‘lib, «boshqa turdagi kreditlash» faoliyati bilan shug‘ullanadi. Kompaniya ustav kapitali 52 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Ustav fondi 50 foizdan ulushlar asosida ikki ta’sischi o‘rtasida taqsimlangan: Nurafshon Metan Savdo ta’sischisi Mahmud Ahmedov hamda Nozimjon Jabbarov.
Uchinchi mikromoliya tashkiloti — «Avo Finance» 2023 yilda xususiylashtirilgan «AVO bank» singari AVO.uz bank holdingi tarkibiga kiruvchi shu’ba korxona hisoblanadi. Holding teng ulushlarda Ruslan Adilbayev va «Fonte Hedge Fund OEIC»ga tegishli.
Markaziy bank noyabr oyi boshida ham yana uchta mikromoliya tashkiloti — «Fincom Invest», «Qanot Finans» va «Vafo Moliya»ni reyestrga kiritgan edi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan mikromoliya tashkilotlari soni 132 tani tashkil etmoqda.





