add

Mutatsiyalashayotgan parranda grippi: dunyo yangi pandemiya xavfi ostonasida

29.11.2025 | 08:383722 daqiqa

Olimlarning ogohlantirishicha, H5 virusining mutatsiyasi insondan insonga yuqish qobiliyatiga yetib borsa, COVID-19 pandemiyasiga nisbatan ancha og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Mutatsiyalashayotgan parranda grippi: dunyo yangi pandemiya xavfi ostonasida

Dunyoda H5 turidagi yuqori patogen parranda grippi yanada xavfli bosqichga o‘tishi, holatning pandemiya darajasigacha yetishi mumkinligi haqida jiddiy ogohlantirishlar berilmoqda.

Reuters xabariga ko‘ra, Fransiyadagi Paster instituti nafas yo‘llari infeksiyalari markazi direktori Mari-Ann Ramey-Velti virusning mutatsiyasi insonlar o‘rtasida yuqish zanjirini ochib berishi orqali global inqirozni keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidladi.

H5 virusi bugunga qadar butun dunyoda yuz millionlab parrandalarning nobud bo‘lishiga sabab bo‘ldi, oziq-ovqat ta’minoti zanjirlarini izdan chiqardi va narxlar keskin o‘sishiga turtki berdi. Insonlarda yuqish holatlari hali kam — deyarli barchasi yovvoyi yoki xo‘jalik parrandalari bilan yaqin aloqa orqali sodir bo‘lgan. Ammo mutaxassislar uchun eng katta xavf — virusning sut emizuvchilarga moslashishi va insondan insonga yuqish xususiyatining paydo qilishi.

Virusning mutatsiya qilish qobiliyati uni COVID-19dan farqli xatarli yo‘nalishga olib keladi. Koronavirus ko‘proq xavf guruhlarida og‘ir kechgan bo‘lsa, qush grippi hatto sog‘lom bolalar va yoshlarda ham og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Butun dunyo bo‘yicha 2003–2025 yillarda deyarli 1000 kishi parranda grippiga chalingan, shuning yarmidan ko‘pi — 48 foizi — vafot etgan. Yaqinda AQSHning Vashington shtatida H5N5 yuqishi bilan bog‘liq ilk o‘lim holati qayd etildi.

Shunga qaramasdan, mutaxassislar hozirgi vaziyatda pandemiya xavfi past deb baholamoqda. Jahon hayvonlar salomatligi tashkiloti mutaxassisi Gregorio Torres bu bo‘yicha: «Xavf bor, lekin juda past. Odamlar tinchgina hordiq chiqarishi, tuxum va tovuq go‘shti yeyishi mumkin», — deb ta’kidladi.

COVID-19dan keyin dunyo bu kabi viruslarga qarshi yaxshiroq tayyorgarlikka ega. Vaksinalar prototiplari yaratilgan, antivirus preparatlari zaxira qilingan, tezkor tashkiliy va farmtexnologik mexanizmlar shakllangan. Ammo yetakchi mutaxassislarning ta’kidlashicha, parranda grippi mutatsiyasi real tahdid va uni kuzatish, erta aniqlash va javob choralari bo‘yicha jahon hamjamiyati sergak turishi shart.

Teglar

Mavzuga oid