add

Myanmaga sotib yuborilgan o‘zbekistonliklar vatanga qaytarildi

Kecha 20:134442 daqiqa

Janubi-Sharqiy Osiyoda aldanib qolgan Markaziy Osiyo fuqarolari diplomatik hamkorlik orqali ozod etildi.

Myanmaga sotib yuborilgan o‘zbekistonliklar vatanga qaytarildi

Myanma hududida odam savdosi qurboniga aylangan O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytarildi. Ushbu jarayon O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston diplomatik idoralari hamda Myanma va Tailandning vakolatli organlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlik natijasida amalga oshirildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasiga bir guruh o‘zbekistonliklar murojaat qilib, Myanmada odam savdosi qurboniga aylangani va vataniga qaytishda yordam so‘ragan. Ular internet orqali yuqori maoshli ish taklifiga ishonib, Tailandga yo‘l olgan. Taklif doirasida O‘zbekistondan bepul aviachipta ham taqdim etilgan.

Biroq Tailandga yetib kelgach, ushbu shaxslar aldov yo‘li bilan Myanma hududiga noqonuniy ravishda olib o‘tilgan. U yerda ular odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlar qo‘liga tushib qolgan va firibgarlikka ixtisoslashgan call-markazlarda ishlashga majburlangan.

Qonunga xilof harakatlarni bajarishdan bosh tortgan fuqarolar jismoniy zo‘ravonlik, tahdid va bosimlarga duch kelgani qayd etildi. Shu kabi holatlarda Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ham odam savdosining qurboni bo‘lgani aniqlangan.

Qirg‘izistonning Tailandda diplomatik vakolatxonasi mavjud emasligini inobatga olib, ushbu davlat fuqarolarini ham qaytarish jarayonida O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlari amaliy yordam ko‘rsatdi. Muzokaralar natijasida fuqarolar ozod qilinib, Tailandning Mayesot chegara punktida diplomatlarga topshirildi.

Ozod etilgan shaxslarga vaqtinchalik turar joy va oziq-ovqat bilan ta’minlash choralari ko‘rildi. 2025 yil 9-dekabr kuni esa O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari diplomatik vakolatxonalar ko‘magida o‘z yurtlariga xavfsiz tarzda qaytarildi.

Teglar

Mavzuga oid