add

Narkojinoyatlar uchun javobgarlik choralari keskin kuchaytiriladi

Bugun 11:552642

Prezident giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan kuchaytirishga qaratilgan yangi farmonni imzoladi. Yangi tartibga ko‘ra, ayrim jinoyatlar uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanadi.

Narkojinoyatlar uchun javobgarlik choralari keskin kuchaytiriladi

«Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»Prezident farmoni imzolandi. Hujjat 2024–2028 yillar strategiyasi doirasida aholi salomatligi, ayniqsa, yoshlar va millat genofondini himoya qilishga qaratilgan kompleks choralarni belgilaydi.

Yangi farmonda Jinoyat kodeksiga «Aholi salomatligi va millat genofondiga qarshi jinoyatlar» nomli alohida bo‘lim kiritish taklif etilgan.

Unga ko‘ra, narkojinoiy uyushma tuzish, faoliyatini ta’minlash, giyohvandlik vositalarini uyushgan guruh tomonidan transchegaraviy yoki internet orqali o‘tkazish, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilib homiylik qilish, shuningdek, g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish uchun yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutiladi.

Shuningdek, hokimiyat vakolatlarini suiiste’mol qilib bunday jinoyatlarga homiylik qilish ham og‘ir jinoyat sifatida baholanadi. Giyohvand moddalarni jamoat joylarida iste’mol qilgan fuqarolarga nisbatan o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi joriy etiladi.

Bundan tashqari, moddalarni katta miqdorda tayyorlash, saqlash, tashish yoki kontrabanda qilish uchun jinoiy javobgarlik ikki baravargacha og‘irlashtiriladi.

Ta’lim muassasalari va yoshlar bilan bog‘liq jinoyatlarga nisbatan ham katta choralar ko‘riladi. Masalan, voyaga yetmaganlarni giyohvandlik vositalarini iste’mol qilishga jalb etganlar 10 yilgacha qamoq jazosiga tortiladi. Ta’lim muassasalari va yotoqxonalar hududida moddalarni tarqatish esa og‘irlashtirilgan jinoyat sifatida baholanadi.

Shuningdek, ayrim narkojinoyatlarni sodir etgan shaxslar jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilinmaydi. Farmonning asosiy maqsadi — jamiyatda giyohvandlikning oldini olish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish va jinoyatchilikni kamaytirishdir.

Teglar

Mavzuga oid

Narkojinoyatlar uchun javobgarlik choralari keskin kuchaytiriladi | Vaqt.uz