«NASA» «Artemis II»: Oy atrofiga parvoz va uning ahamiyati

Bugun 12:153 daqiqa

«Artemis II» missiyasi boshlandi! Astronavtlar Oy atrofiga yo‘l oldi – buinsoniyatning Oyga qaytishidagi muhim qadam.

«NASA» «Artemis II»: Oy atrofiga parvoz va uning ahamiyati

Kecha, 1-aprel kuni Floridadan to‘rt nafar astronavt «Artemis II» missiyasi doirasida parvozga chiqdi. Bu 10 kunlik xavfli safar oy atrofida aylanib chiqishni o‘z ichiga oladi va Amerika Qo‘shma Shtatlarining ushbu o‘n yillikda insonlarni oy yuzasiga qayta olib chiqish yo‘lidagi eng muhim qadami hisoblanadi, ayniqsa, Xitoyning birinchi ekipajli qo‘nishidan oldin.

Kimlar uchyapti?

«Artemis II» missiyasidagi uch nafar «NASA» astronavti avval Xalqaro kosmik stansiyadagi ilmiy ekspeditsiyalarda ishtirok etgan tajribali mutaxassislardir. Ularga qo‘shilgan yagona kanadalik astronavt esa oy atrofidagi safar uchun ilk bor kosmosga uchmoqda.

Quyida ekipaj a’zolari haqida qisqacha ma’lumot:

Missiya qo‘mondoni – Reyd Uayzman

1

50 yoshli Uayzman 2014-yilda Xalqaro kosmik stansiya bortida 165 kun faoliyat yuritgan va u yerga «Soyuz» kemasi orqali uchgan. U AQSH harbiy-dengiz kuchlarining sobiq sinov uchuvchisi bo‘lgan, keyinchalik «NASA» bosh astronavti lavozimida ishlagan va keyin «Artemis II» missiyasi qo‘mondoni etib tayinlangan.

Pilot – Viktor Glover

49 yoshli Glover 2020-yildan boshlab 168 kun davomida orbitada bo‘lgan. U «Crew-1» missiyasida pilot sifatida ishtirok etgan, bu «SpaceX»ning «Crew Dragon» kapsulasi orqali astronavtlarni Xalqaro kosmik stansiyaga olib borgan ilk to‘liq missiya edi. U AQSH harbiy-dengiz kuchlarida 40 dan ortiq samolyotni boshqargan, jangovar operatsiyalarda qatnashgan va to‘rt marta ochiq kosmosga chiqqan. U oy missiyasiga yuborilgan ilk qora tanli astronavt hisoblanadi.

Missiya mutaxassisi – Kristina Kox

47 yoshli Kox 2019-yilda Xalqaro kosmik stansiyada 328 kun qolib, ayollar orasida eng uzoq uzluksiz parvoz rekordini o‘rnatgan. U «NASA» tarixidagi ilk to‘liq ayollardan iborat kosmik chiqishlarda ishtirok etgan. Elektrotexnika muhandisi va fizik bo‘lgan Kox avval «NASA» muhandisi sifatida ishlagan hamda Antarktikada uzoq muddatli ilmiy ekspeditsiyalarda qatnashgan. U oyga yo‘l olgan ilk ayol astronavtdir.

Missiya mutaxassisi – Jeremiy Xansen

50 yoshli Xansen Kanada harbiy-havo kuchlari polkovnigi, ilk bor kosmosga parvoz qilayotganiga qaramay, oy missiyasida ishtirok etayotgan birinchi kanadalik va birinchi AQSH fuqarosi bo‘lmagan astronavtdir. U 2009-yilda Kanada astronavtlar korpusiga qabul qilingan bo‘lib, uning «Artemis II»da ishtirok etishi AQSH va Kanada o‘rtasidagi uzoq yillik hamkorlik, jumladan Xalqaro kosmik stansiyada qo‘llaniladigan robototexnikaga qo‘shilgan hissani aks ettiradi.

Oy missiyasi nega muhim?

Oydan katta foyda bor. Oy toshlari va tuprog‘ining asosiy qismini kislorod, kremniy, magniy, temir, kalsiy, alyuminiy tashkil qiladi. Shuningdek, Yerda juda kam uchraydigan geliy-3 ni ham Oydan topish mumkin. Quyosh shamoli tufayli u Oy yuzasiga jamlangan. Geliy-3 kelajakda toza yadroviy sintez yoqilg‘isi sifatida qo‘llanilishi mumkin (Tegishli loyiha hozircha tajriba bosqichida).

2

Shuningdek, raketalar, skafandrlar va Oyga qo‘nish texnologiyalari ancha rivojlandi. Geosiyosiy vaziyat ham bunga yo‘l ochmoqda. AQSH va Xitoy kabi davlatlar uchun Oyga qaytish – kuch va texnologik ustunlik ramzi hisoblanadi. Bundan tashqari, «SpaceX» va «Blue Origin» kabi kompaniyalar Oyni noyob elementlarni qazib olish, kosmik turizm va kelajakdagi kosmik bazalar uchun istiqbolli hudud sifatida ko‘rmoqda.

Bu safar astronavtlar Oyga qo‘nmasa-da, «NASA»ning maqsadi keyingi missiyalar davomida astronavtlarni Oyning Janubiy qutbiga qo‘ndirish. Chunki u yerda suv muzlari bor. Olimlar Janubiy Qutbdagi doimiy soya tushadigan kraterlarda muzlagan suv topishgan.

Suv muhim, chunki astronavtlar uni ichishi, nafas olish uchun kislorod va raketalar uchun vodorod yoqilg‘isi ajratishi mumkin. Bu Oyni Mars yoki boshqa chuqur kosmos missiyalari uchun yoqilg‘i quyuvchi stansiyaga aylantirishi mumkin.

Janubiy Qutb yaqinidagi ba’zi tog‘ cho‘qqilarida deyarli doimiy quyosh nuri bo‘ladi. Bu quyosh energiyasi uchun ahamiyatli, shu orqali Oydagi bazalar ulkan batareyalarga muhtoj bo‘lmasdan ishonchli energiyaga ega bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid