Navoiy va Toshkent viloyatlarida kuchli sel keldi: Xatirchida aholi evakuatsiya qilindi

Mahalliy kuzatuvchilar Xatirchi tumanidagi vaziyatni 1998 yilda yuz bergan dahshatli sel hodisalariga qiyoslashmoqda.

Navoiy va Toshkent viloyatlarida kuchli sel keldi: Xatirchida aholi evakuatsiya qilindi © Видеодан кадр

Bugun, 21-may kuni Navoiy viloyatining Xatchirchi, Karmana va Nurota tumanlarining tog‘li hamda tog‘ oldi hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik oqibatida talofatli sel-suv oqimlari yuzaga keldi. Mahalliy kuzatuvchilar Xatirchi tumanidagi vaziyatni 1998 yilda yuz bergan dahshatli sel hodisalariga qiyoslashmoqda. Bu haqda «Uzb_meteo» kanali xabar berdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, Xatirchi tumanida kuchli sel oqimi tufayli avtomobil yo‘lining bir qismi xarsang toshlar bilan to‘silib qolgan. Oqibatda 7 ta avtomobil, jumladan, to‘rtta «Nexia-1», «Cobalt», «Nexia-3» va «Uaz-469» rusumli mashinalar hamda bir nechta uy-joylar seldan zarar ko‘rgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ichida odami bo‘lgan avtomobil sel oqimida qolib ketgani aks etgan videolar tarqaldi. Aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Angidon, Langar, Kattasoy va Maydonsoy hududlaridagi soy yaqinida yashovchi fuqarolar vaqtinchalik xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan.

Shuningdek, Karmana tumanida sel suvlari 7 ta xonadonning tomorqasi va qo‘shimcha qurilishlariga kirgan bo‘lsa, Nurota tumanida sel suvlari maxsus sel yo‘llaridan oqib o‘tgan. Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Angren shahriga yaqin hududlarida ham kuchli jala ortidan suv bosish hodisalari kuzatilgani aytilmoqda.

«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, Namanganning Yangiqo‘rg‘on tumani Nanay hududida do‘l yog‘ishi qayd etilgan. Ayni paytda Buxoro, Turkmaniston va Afg‘oniston shimolidan kuchli jala ulashuvchi bulutlar oqimi kirib kelmoqda. Jarayonlarni kuzatish uchun Toshkent viloyati janubi, Sirdaryo, Buxoro va Termizdagi MRL radarlari ishga tushirilgan. Poytaxtda ham kunning ikkinchi yarmi va tunda chaqmoq-momaqaldiroqli jala yog‘ishi kutilmoqda.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Navoiy viloyatidagi vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun 37 ta maxsus texnika va 173 nafar shaxsiy tarkib jalb etilgan. Dastlabki o‘rganishlarda aholi xonadonlari va tizimlarga jiddiy zarar yetmagani, tan jarohati olganlar yo‘qligi bildirildi. Hozirda vaziyat to‘liq nazoratga olingan va FVB tomonidan monitoring ishlari davom ettirilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid