Nikolas Maduro va rafiqasining ikkinchi sudi bo‘lib o‘tdi
Bu ularning AQSH tomonidan qo‘lga olinganidan keyingi ikkinchi bor omma oldida ko‘rinish berishidir.

Kecha, 26-mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York federal sudida Venesuelaning sobiq yetakchisi Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores ishtirokida navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu ularning AQSH o‘g‘irlab ketganidan keyin ikkinchi bor omma oldida ko‘rinishidir.
Sud zaliga kirib kelgan Maduroning qo‘llarida kishan bo‘lmagan. U mahbuslar uchun mo‘ljallangan kiyimda bo‘lsa-da, o‘zini ancha xotirjam tutgan va hatto advokatlariga qarab jilmayib qo‘ygan. Maduroning tashqi ko‘rinishi va harakatlari bosiq kayfiyatni aks ettirgan.
Uning rafiqasi, Venesuelaning sobiq «birinchi xonim»i Siliya Flores ham sud zalida bo‘lgan. Guvohlarning ta’kidlashicha, jarayon davomida er-xotin bir-birlari bilan gaplashishmagan.
Eslatib o‘tamiz, 3-yanvarga o‘tar kechasi Karakasda portlashlar yuz bergan edi. Shundan so‘ng Tramp AQSH keng ko‘lamli zarbalar berganini, Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni esa qo‘lga olib, rafiqasi bilan birga mamlakatdan olib chiqib ketganini ma’lum qilgan.
5-yanvar kuni Maduro va uning rafiqasi Nyu-York sudida chiqish qilib, o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha aybni tan olmasliklarini bildirishdi. Shuningdek, Maduro o‘zini «harbiy asir» deb atadi.
Maduro va rafiqasining himoyachilari AQSH hukumati tomonidan joriy etilgan sanksiyalar tufayli yuridik xizmatlar uchun to‘lovlar cheklanayotganini aytib, bu holat ayblanuvchilarning advokat tanlash huquqini cheklayotganini ta’kidlamoqda. Ular suddan jinoiy ta’qibni to‘xtatishni talab qilmoqda.





